Amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar muhokama qilindi
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qo`shma Qaror ijrosi bo`yicha belgilangan vazifalar doirasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar o`tkazilmoqda.
Jizzax viloyati prokurori, adliya katta maslahatchisi Islomjon Ergashxo`jaev, viloyat IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov hamda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyat boshqarmasi boshlig`i tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning oldini olish bo`yicha idoralararo komissiyasi Sharof Rashidov tumani shtabida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Yig`ilishda umumiy jinoyatchilik sektorlar va mahallalar kesimida tahlil qilindi.
Shuningdek, avvalgi o`rganishlar davomida ko`rsatilgan kamchiliklarning hal etilishiga ham diqqat qilindi. Shu bilan birga kuzatuv kameralari o`rnatilishi, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik ob’ektlari qo`riqlovini tashkil etish bo`yicha galdagi vazifalar belgilandi.
Yig`ilishda ayrim tashkilot va idoralar tomonidan bajarilayotgan ishlar tanqid qilindi.
Huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning oldini olish bo`yicha idoralararo komissiyasi Jizzax shahar shtabida olib borilayotgan ishlarni ham tahlil qilishdi. Mahallalarida tungi xizmat jarayoni va jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash, jarayonda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish, sodir etilgan qonunbuzarliklarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilib, huquqiy targ`ibot tadbirlarini kuchaytirish zarurligi uqtirildi.