Hamkorlikda profilaktik tadbirlar o`tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi JXX sohaviy
xizmatlari G`allaorol tumanida hududiy ichki ishlar bo`limi shaxsiy tarkibi
bilan birgalikda qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi
kurashishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdilar. Mazkur jarayonda
asosiy e’tibor “qizil” toifadagi mahallalarga qaratildi.
Shuningdek, yo`l-transport hodisalarining oldini
olish maqsadida serqatnov yo`llarga fotoradarlar o`rnatildi. Jazoni ochiqda
o`tayotganlar, muqaddam sudlanganlar, ma’muriy nazorat ostidagi shaxslar bilan
profilaktik suhbatlar o`tkazildi. 20 ga yaqin ov miltig`iga ega shaxslarning qurollarni qanday
saqlayotganliklari o`rganildi. Tadbirlar davomida profilaktika inspektorlari
faoliyatiga oid ish hujjatlarining yuritilishi ham tekshirildi.
Shu kuni kechqurun “Xavfsiz tun” profilaktik tadbiriga
jalb qilingan soha vakillariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i
o`rinbosari, podpolkovnik Rahmatulla Bo`riev topshiriqlar berdi. So`ng aholi
punktlarida patrullik va nazorat amalga oshirildi. Bu jarayonda ma’muriy
huquqbuzarlik sodir etgan 7 nafar fuqaroga javobgarlik choralari belgilandi.
Ko`p qavatli uylarning yo`laklarida qarovsiz qoldirilgan 39 ta buyum egalariga
topshirildi. Bundan tashqari, ellikka yaqin korxona va tashkilotlar
qorovullarining tungi xizmatni qanday olib borayotganliklari tekshirildi.
Jizzax
viloyati IIB axborot xizmati