Hamkorlikda o’quv kursi tashkil etildi
Shu yilning 21 noyabr’ va 9 dekabr’ kunlari oralig’ida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi harbiy tog’-dala poligonida IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batal’on va otryadlari xodimlarining 3 haftalik o’quv kurslari o’tkazildi. Turkiya Jandarmeriyasi maxsus jamoat xavfsizligi bosh qo’mondonligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur mashg’ulotlarda soha xodimlarining shahar sharoitida qurollangan jinoyatchilarni zararsizlantirishga qaratilgan operatsiyalarni tashkil etish va o’tkazishga doir ko’nikma va malakalari oshirildi.
Mashg’ulotlarning birinchi haftasida soha vakillariga nazariy bilimlar berildi. Jumladan, favqulodda holatlarda ko’chalar, avtotransportlar, vokzal, aeroport hamda ko’p qavatli uylarda qurollangan jinoyatchilarni qo’lga olish bo’yicha Turkiya maxsus kuchlari tomonidan qo’llaniladigan uslublar haqida ma’lumot berildi. Xususan, terrorchilar joylashgan ko’p qavatli uylarni ishg’ol etish va xavfni bartaraf etish, garovdagilarni qutqarish, shahar sharoitida yashiringan jinoyatchilarni qidirib topish va zararsizlantirish, qurol va vositalarni samarali qo’llash, maxsus amaliyotlarni boshqarish hamda kuch ishlatar tizimlar hamkorligini ta’minlash kabi masalalar e’tiborda bo’ldi.
O’quv kursining 2- haftasida nazariy mashg’ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotda qo’llanildi. YA’ni ichki ishlar organlarining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batal’on va otryadlari xodimlari harbiy tog’-dala poligonidagi to’siqlar yo’lagidan o’tish va inshootlarni ishg’ol etishga oid salohiyatlarini oshirdilar. 3- haftada esa avtomatik qurol, merganlik miltig’i hamda to’ponchadan yaqin va o’rta masofalardagi nishonlarga o’q otish mashqlari o’tkazildi. Harbiy poligionda yaratilgan imkoniyatlar amaliy mashg’ulotlarni voqelikka mos tarzda tashkil etish imkonini berdi.
O’quv kursi yakunida o’tkazilgan tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik YAhayoxon Abdulhakov hamda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqib, mashg’ulotlarda faollik ko’rsatganligi uchun tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batal’on va otryadlar xodimlari hamda o’quv kursini tashkil etishda jonbozlik qilgan xorijlik mutaxassislarga minnatdorchilik bildirdi. O’z navbatida ishtirokchilarga sertifikatlar, tashkilotchilarga esa tashakkurnomalar topshirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.