8 May 2023 yil 782

Аna shunday safdoshimiz bor edi

Insonning hayotdan ko’z yumishi qayg’uli hodisa. Ammo yaxshi-yomon kunlaringda birga bo’lgan safdoshingdan ajralib qolsang, yuraging zirqirab ketadi. Katta leytenant Hasanxon SHukurullayev yo’l-ulov hodisasi qurboni bo’lganini eshitganimda anchagacha o’zimga kela olmadim.

Quvnoq, samimiy, birovning ko’ngliga ozor berishdan cho’chiydigan xodim edi. Odamlar bilan tez til topishar, har qanday insondan, jumladan gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilardan ham shirin so’zini ayamasdi, qonun doirasida yordam berardi.

Jussali bo’lgani boismi, qonunbuzarlar uni ko’rishi bilan o’zini tutib olar, aksincha yo’l tutgan taqdirlarida ham kasbdoshimizning kuchli qo’llaridan qochib qutula olmasdilar. Sohani shu darajada yaxshi ko’rardiki, xizmatimizning mashaqqatlarini aslo sezmasdi, eng og’ir vaziyatlarda mas’uliyatni zimmasiga olar, ayniqsa kimgadir yordami tegayotganini bilsa, g’ayrati jo’shib ketardi.

Qolaversa, dunyoqarashi keng, dinga oid bilimlari ham chuqur edi. Profilaktika inspektori sifatida nafaqat qonunbuzarliklarning oldini olish, balki ehtiyojmandlarga ko’mak ko’rsatish borasida ham faollik ko’rsatardi. Ayniqsa, koronavirus infeksiyasi tarqalgan kezlarda ko’plarga qo’lidan kelgancha yordam qildi. Mazkur fazilatlari sabab u faoliyat yuritgan “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig’ini aholisi Hasanxonni behad hurmat qilardi.

Bilasizmi, u Jizzax davlat pedagogika institutining xorijiy tillar fakul’tetini tamomlagan, ingliz tilini yaxshi o’zlashtirgandi. Ammo ichki ishlar organlari xodimi bo’lishga astoydil intildi. Ayni maqsadda o’zi yashagan Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchisi bo’lib ishga kirgan.

YOrdachilarning bir yillik faoliyati tahlil qilinganda u viloyat bo’yicha eng yaxshi ko’rsatkichga erishgani ma’lum bo’ldi va serjant unvonida Zarbdor tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmasi tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimiga xizmatga qabul qilindi. SHundan so’ng yelkama-elka ishlay boshladik. Hasanxonga har qanday vaziyatda suyansa bo’lardi, shu bois hammamiz uni qadrlardik.

Undan bir farzand qolgan, ismi Mehrinisoxon. Qizini eslashi bilan charchog’i tarqar, yuziga tabassum yoyilardi. Ota-onasi, rafiqasi va jigarbandi haqida jon kuydirishlarini kuzatar ekanmiz, oilaparvarligiga qoyil qolardik. Ha, ana shunday do’stimiz bor edi.

Hech yodimdan chiqmaydi. 2022 yilning 1 oktyabrida u xizmat chog’ida avtohalokatga uchradi. O’sha voqea arafasida hamkasbimizga katta leytenant unvoni berilgandi. Butun shaxsiy tarkibimiz Hasanxon SHukurullayevning o’limini og’ir qayg’u bilan qarshi oldi. Uni unutganimiz yo’q, oilasini tez-tez yo’qlab turamiz. 

 

Abbos O’KTAMOV,

Jizzax viloyati Zarbdor tumani IIB JXX

huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmasi

profilaktika inspektori, katta leytenant. 

Text to speech