Aholi o’rtasida profilaktik tadbir o’tkazildi
Telefon qo’ng’irog’i orqali o’zini IT kompaniya, xayriya tashkiloti yoki bank xodimi deya tanishtirib, yashirin kodlarni aldov yo’li bilan qo’lga kiritish orqali fuqarolarning bank plastik kartasidagi mablag’larini o’zlashtirish holatlari ko’paymoqda. SHu kabi qonunbuzarliklarning oldini olish, aholi hushyorligini oshirish maqsadida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan profilaktik tadbirlar o’tkazilayapti.
SHarof Rashidov tumanidagi Qo’shko’prik mahallasida o’tgan tadbirda tuman ichki ishlar bo’limi, favqulodda vaziyatlar bo’limi, sog’liqni saqlash muassasasalari va mahalla faollari har bir xonadonda tushuntirish ishlarini olib borish, bank plastik kartalarining raqamlari va yashirin kodlarini hech kim bermaslik kerakligini yetkazishdi. Odamlar gavjum joylarga bank palstik karta firibgarlaridan ogoh etuvchi ko’rgazmalar ilinib, flayerlar tarqatildi.
Ta’kidlash joiz, bank plastik kartalari bugun aksariyat yurtdoshlarimiz uchun ishonchli xamyonga aylandi. Aksariyat paytlarda savdo ushbu vosita orqali amalga oshirilayapti. Elektron savdo do’konlari faoliyati ham sezilarli darajada kengayib bormoqda. Biroq bank plastik karatadan foydalanish chog’ida uning yashirin raqamini hech kimga bermaslik lozim bo’lsada, ayrim hollarda bunga ko’p ham ahamiyat qaratilmaydi. Ayrim kimsalar ana shu vaziyatdan foydalanib, firibgarlik orqali oson daromad topish payida bo’layapti. Mazkur profilaktik tadbir davomida fuqarolarga shu kabi qonunbuzarliklardan ogoh bo’lishlari lozimligi tushuntirildi.
Bundan tashqari, tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilish is gazidan zaharlanishning oldini olishda muhim ekanligi uqtirildi. Bu kabi profilaktik tadbirlar joylarda davom etmoqda.