30 Aprel 2024 yil 4480

Aholiga kommunal tizimida kechayotgan islohotlar to`g`risida tushunchalar berilmoqda


  Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari “qizil” toifadagi mahallalarda bo`lib, jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarni bartaraf etish choralarini ko`rmoqdalar. Bu jarayonda yangi ish o`rinlari yaratish, yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ichki ishlar organlarida hisobda turadigan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni samarali o`tkazish, turli qonunbuzarliklarga qarshi targ`ibot tadbirlari uyushtirish, aholining ehtiyojmand qismini qo`llab-quvvatlash kabi masalalarga diqqat qaratilayotir.

  Shu ma’noda mahallalar ettiliklarining faoliyati tahlil qilinib, ijtimoiy profilaktika yo`nalishida amalga oshirilgan tadbirlar sifati “xonadonbay” o`rganilmoqda. Ya’ni yaratilgan ish o`rinlari, o`zini o`zi band qilganlar faoliyati, ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish darajasi, oziq-ovqat mahsulotlari narxining sun’iy ravishda oshirilishining oldini olish borasida belgilanayotgan choralar natijadorligi tekshirilmoqda.

  Xuddi shunday, aholi bilan o`tkazilayotgan muloqotlarda respublikamiz kommunal tizimida kechayotgan islohotlar, elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo`yicha qilinayotgan ishlar, sohada kutilayotgan o`zgarishlar to`g`risida tushunchalar berilayotir. 

  Aytgancha, viloyatda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan yana bir tashabbusga qo`l urildi. Xususan, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidagi 24 ta mahalla 8 ta mikrohududga ajratilib, ushbu mahallalarning har biriga qo`shimcha ravishda 1 nafar profilaktika inspektori hamda 4 nafar patrul-post xizmati xodimi jalb qilindi.

O`z navbatida mazkur xodimlar “yashil” toifadagi mahallalar hamda jinoyatchilik darajasi past bo`lgan patrullik yo`nalishlaridan olindi. Tabiyki, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarga qo`shimcha kuch va vositalarning jalb etilishi kriminogen vaziyatga ijobiy ta’sir ko`rsata boshladi.

Qolaversa, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda “Xavfsiz tun” profilaktik tadbirlari o`tkazilmoqda. Natijada ichki ishlar organlari profilatika inspektorlari  hamda patrul-post xizmati xodimlari tomonidan 580 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 2 ta jinoyat fosh qilingan. Bundan tashqari, 2 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 2 nafar bedarak yo`qolgan fuqaro topildi. 237 kishidan turli tig`li buyumlar hujjatlashtirib olingan. Yo`l-patrul xizmati xodimlari esa bir kunlik reyd davomida haydovchilar tomonidan sodir qilingan 256 ta huquqbuzarlikni aniqlashga muvaffaq bo`ldilar.

Shuningdek, qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida 227 ta patrullik yo`nalishlari tashkil qilindi. Qisqasi, viloyatda “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonunbuzarliklarning sabab va omillarini bartaraf qilish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotir.

Text to speech