Har bir fuqaro e’tiborda
Barcha insonlar ham taqdir sinovlariga bardosh bera olmaydi. Oqibatda ular bor mol-mulkini ko’kka sovurib, yaqinlari e’tibori va yordamidan mosuvo bo’lib qolishi hech gap emas. Ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reablitatsiya qilish markazlarida shu kabi shaxslar ma’muriy sudning ajrimi asosida ma’lum muddat saqlanadi.
Markazda ularga huquqiy, ijtimoiy, psixlogik, tibbiy va boshqa turdagi yordamlar ko’rsatiladi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reablitatsiya qilish markazi tomonidan bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 11 oyi davomida 211 nafar shaxslar markaz qamroviga olinib, reablitatsiya qilindi.
Reablitatsiya qilish markaziga qabul qilinayotgan shaxslarning fotosurat va barmoq izlari olinadi, tibbiy hamda shaxsiy ko’rikdan o’tkaziladi. SHaxsiga aniqlik kiritilgach doimiy yashash joyiga yuboriladi yoki belgilangan tartibda maxsus muassasalarga joylashtiriladi.
Ko’rilayotgan choralar, olib borilayotgan ishlar boquvchisiz va qarovchisiz qolgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik va tibbiy yordam ko’rsatish, asosiysi hech kim e’tibor va g’amxo’rliklardan chetda qolmasligining amaliy ifodasi desak xato bo’lmaydi.