10 Sentyabr 2021 yil 647

Arnasoyda tadbirkorlarga sayyor qabul o’tkazildi

Arnasoy tumanida viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, Jizzax viloyatidagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi hamkorligida tadbirkorlar uchun sayyor qabul o’tkazdi.

Aytish joiz, davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash bo’yicha amalga oshirilayotgan samarali chora-tadbirlar tufayli xususiy sektorning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o’rni va roli o’sib bormokda. Biroq qulay shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar mavjudligiga qaramay tadbirkorlik rivojiga jiddiy ta’sir ko’rsatayotgan omillar ham yo’q emas.

Mazkur qabulda arnasoylik tadbirkorlar tomonidan shunday muammolar ko’tarilib, amaliy yordam so’raldi. CHunonchi, savdo va xizmat ko’rsatish, ishlab chiqarish va hunarmandlik yo’nalishlarida faoliyatni yanada kengaytirish uchun kredit ta’minoti, shuningdek, kommunal xizmat ko’rsatish kabi qator sohalarda duch kelinayotgan masalalarga yechim izlandi.

Tadbirda har bir murojaat atroflicha o’rganilib, ularni hal etish yuzasidan tegishliligi bo’yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ijrosi vaqt talab etiladigan masalalar nazoratga olindi. Qisqasi, tadbirkorlar tomonidan 13 ta muammoning aksariyati joyida yechildi.

Qabul so’nggida tuman iqtisodiyotini yuksaltirish, yangi ish o’rinlari yaratish, kambag’allikni qisqartirishdagi faolligi uchun bir guruh tadbirkorlar faxriy yorliq va esdalik sovg’alari topshirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech