2 Noyabr 2024 yil 6358

Sharof Rashidov tumanida ichki ishlar organlari turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Kuyovboshi” mahallasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun 56 ta yakka tartibdagi uy foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda IIV faxriylar kengashi, markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi, viloyat tashkilotlari mas’ullari, faxriylar hamda soha vakillari ishtirok etdilar.

Tantanali tadbirda so`z olgan viloyat hokimi Ergash Saliev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov va boshqalar tomonidan tizimda kechayotgan islohotlar, xususan, xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar tilga olindi. Jumladan, mazkur uylarning 17 tasining boshlang`ich to`lovlari IIV tomonidan to`lab berilgani ma’lum qilindi. Tadbir davomida xonadon sohiblariga turar joylar kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ularga televizor va kitoblar jamlanmalari sovg`a qilindi. O`z navbatida, quruvchilarga minnatdorchilik bildirildi.

So`ng yig`ilganlar xonadonlarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Shu o`rinda aytish joiz, uylar ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlangan hamda oqova tizimiga ulangan. Qolaversa, bu erda ichki ishlar xodimlari tomonidan 280 tup mevali daraxtga ega bog` yuzaga keltirildi.

Bu hammasi emas, 2025 yil yakuniga qadar “Kuyovboshi”da 48 ta turar-joy, 150 o`rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 28 o`rinli viloyat ichki ishlar boshqarmasi mehmonxonasini bunyodga keltirish rejalashtirilgan.   

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech