2 Aprel 2024 yil 3877

Sharof Rashidov tumanining “Tuyoqli” mahallasida obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda

Sharof Rashidov tumanining “Tuyoqli” mahallasida “Obod xonadon”, “Obod ko`cha”, “Obod mahalla” dasturlari asosida qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu mahalla 3- sektorda joylashgani bois ichki ishlar organlari xodimlari mazkur ezgu tadbirda faol ishtirok etmoqdalar.

3 ming 850 kishi istiqomat qiladigan “Tuyoqli”da zamon talablariga mos fuqarolar yig`ini binosini yuzaga keltirish, ko`chalarning 8 kilometriga asfalt, 2 kilometriga shag`al yotqizish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 ta transformator hamda 50 ta yoritgich o`rnatish, 3 ta elektr transformatorini ta’mirlash, 30 ta eskirgan simyog`ochni yangilash, 1 ming 300 metr uzunlikdagi elektr simlarni qoplamalisiga almashtirish, 1,3 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmog`i tortish, suv minorasi hamda 600 metr uzunlikdagi tabiiy gaz tarmog`ini ta’mirlash ko`zda tutilgan.

 Qolaversa, 38- sonli o`rta umumta’lim maktabi joriy ta’mirlanib, 2 kilometrlik piyodalar yo`lakchasi bunyodga keltiriladi. Turar joylarni bo`yash, devorlarni ta’mirlash hamda ariqlarni tozalash yo`li bilan aholi punktiga ko`rkam qiyofa baxsh etish mo`ljallanayapti. Shu ma’noda hududga Sharof Rashidov tumanidagi bir qator tashkilotlardan 10 dan ortiq tekislash, ortish, qazish hamda yuk tashish texnikalari va 500 ishchi-xodim jalb qilingan. Tuyoqlini bahor yanglig` o`zgartirayotganlar orasida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i rahbarligidagi 150 ziyod soha vakillari bor.

Text to speech