3 Oktyabr 2023 yil 1344

Baxtli bo`lishga haqim bor

Yoshlikda ko`rganim badiiy filmdagi qahramonlardan biri “Odam bu dunyoga baxtli bo`lish uchun keladi”, degandi. Eshitganimdayoq yoqib qolgan bu fikr go`yo men uchun aytilgandek edi. Ya’ni, hayotim muammosiz kechishiga, iqbolim to`liq bo`lishiga ishonardim. Turmushga chiqqanimdan so`ng bunga yanada amin bo`ldim. Chunki topish-tutishida kamchiligi yo`q, uyli joyli, tog`ni ursa talqon qiladigan yigitning juftiga aylangandim.

Birin-ketin ikki farzand ko`rdik, turmush o`rtog`im ustachilik qilardi. Hovlimiz kattagina bo`lib, yaxshigina hosil beradigan tokzorimiz bor. Shunga qaramay ko`proq pul topish maqsadida xorijga ishlashga ketdi. Boshida oyma-oy pul jo`natib turdi. Keyin hayotimizni ag`dar-to`ntar qilib yuborgan voqea yuz berdi. Ish joyida yuz bergan janjal oqibatida turmush o`rtog`im nogiron bo`lib qolgandi.

Ko`p o`tmay uni yaqinlarimiz olib kelishdi. Endi mehnat qilolmasdi, nogironlik nafaqasi to`g`riladik. Ba’zida o`ylab qolaman, boriga shukur qilib yashaganimizda boshimizga bu kulfatlar tushmasmidi? Bu hammasi emas ekan. 2020 yilning 3 oktyabrida uyimizning bir qismi yonib ketdi. Yomg`irli kunlarda tomimizda chakka o`tardi.

Jigarlarimning undovi bilan umid dunyosida bir necha tashkilotlarga borib dardimni aytdim. Birov eshitdi, boshqasi quloq ham tutmadi. Pirovardda tushundimki, barchasini o`zim qilishim kerak. Shu orada mahalla fuqarolar yig`inidagilar meni “Ayollar daftari”ga ro`yxatga kiritishdi.

Oradan bir necha oy o`tgach, xotin-qizlar faoli: “Solinda sayyor qabul bo`ladi, u erda sizga mikroto`lqinli pech topshiriladi”, dedi. Borsam hali qabul boshlanmagan, maktab zali sahnasiga “Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning sayyor qabuli” deya yozilgandi. Tadbir avvalida men kabi bir nechta xotin-qizga pech topshirdilar. Yana kimlardir o`t o`radigan uskuna, suv nasosi singari ish qurollari olishdi.

Keyin 3- sektor rahbarining aholi bilan muloqoti boshlandi. G`ayrat Qodirov istarali inson bo`lib, odamlarning muammolarini hal qilishga chin dildan harakat qilayotgandi. Buni mas’ullarga berayotgan topshiriqlaridan sezdim. Shu bois men ham uyimni ta’mirlashda yordam so`radim.

Gaplarimni tugatishim bilan G`ayrat Toirovich turmush o`rtog`im nima ish qilishini so`radi, nogironligi, ishlay olmasligini aytganimda, “Bo`ldi, yordam beramiz”, dedi. Oradan bir oy o`tdi-o`tmadi uyimda katta hashar bo`ldi. Gap-so`zlaridan kelganlarning qariyb hammasi G`allaorol tumani IIB xodimlari ekanligini sezdim. Ular qurilish materiallari hamda shifer qoqadigan va eshik-deraza o`rnatadigan ustalar olib kelishgandi.

Uyimizda ikki kun hashar bo`ldi. Baraka topgurlar tomdagi yong`in tufayli zararlangan yog`ochlar hamda 30-40 ta shiferni yangilab berishdi. Ayvon va tandirxonamiz suvaldi. Shuningdek, uyimizning old qismiga derazalar o`rnatildi. Bundan tashqari 1 ta eshik va 2 ta derazani alyuminiy profillisiga almashtirishdi. Hovlimizning kirish qismiga shag`al to`shaldi, uyning oldida 20-25 metrlik beton yo`lak qurildi.   

G`ayrat Toirovichning o`zi ham keldi, hasharchilarga katta qozonda totini unutib bo`lmaydigan osh pishirdi. Ochig`i, ichki ishlar organlari xodimlarining kundalik xizmatlarini qo`yib, menga yordam berishlari butun qishlog`imiz ahlini hayratga soldi. Shu bois ularni, ayniqsa, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ini duo qilishdi.

Oradan bir necha oy o`tib, aniqrog`i, Mustaqillik kuni arafasida G`ayrat Toirovich yana uyimizga keldi. Bayram sovg`alari berib, ulug` sana bilan qutladi. Men ko`zlarimda quvonch yoshlari bilan minnatdorchilik bildirdim. Hozir uyimning tomidan chakka o`tmaydi, mehmon kutgudek sharoitga egamiz.

Aytgancha, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i kabi mehri daryo, barchaga yaxshilik sog`inadigan odamlar tufayli hayotga yondashuvim o`zgarmagan: “Odam bu dunyoga baxtli bo`lish uchun keladi”.


Dilnoza MUHAMMADIEVA.


Jizzax viloyati G`allaorol tumani

Jiydali qishloq fuqarolar yig`ini.

Text to speech