8 May 2023 yil 226

Bayram bilan qutlandi

Shu yilning 3 martida Zafarobod tumani Birlik qishloq fuqarolar yig’ini Avaz O’tar ko’chasida yashovchi Mariya Abdurahimova 100 yoshga kirdi. Ukrainaning Cherkas viloyati Zvenigorod tumani Morinsi qishlog’ida tug’ilib o’sgan Mariya Ovsiyenko Ikkinchi jahon urushi boshlanganda endigina 16 yoshga to’lgandi. Fashistlar Ukrainani ishg’ol qilganlaridan so’ng, aniqrog’i 1942 yilda minglab insonlar qatorida Mariya ham Germaniyadagi konsentratsion lagerlardan biriga olib ketildi.

U urush tugagandan keyingina uyiga qaytishga muvaffaq bo’ldi. Qishlog’ida ish topa olmagach, Kiyevdagi zavodga joylashadi. Shu yerda Samarqand viloyatining Payariq tumanidan Ukrainaga harbiy xizmatga chaqirilgan Karim Abdurahimov bilan tanishadi va ular oila quradilar. Ko’p o’tmay Abdurahimovlar Payariqqa qaytib, hududdagi chorvachilik fermasiga ishga kirishadi.

Mirzacho’l o’zlashtirila boshlangach, Jizzax viloyati Paxtakor tumani Bog’ishamol mahalla fuqarolar yig’iniga kelib joylashadilar. Bu yerda Karim Abdurahimov paxtachilik xo’jaligida, Mariya esa qurilish korxonasida suvoqchi va bo’yoqchi bo’lib faoliyat ko’rsatadi. Ayol pensiyaga chiqqandan keyin ham 10 yil davomida pochtachi bo’lib ishladi. Turmush o’rtog’i vafot etgach, bor kuch-g’ayratini 6 farzandini hech kimdan kam qilmay ulg’aytirishga yo’naltirdi.

Shu ma’noda uni hurmat qilishadi, tez-tez yo’qlab turadilar. Ayniqsa, Xotira va qadrlash bayrami nishonlanadigan kunlarda Mariya momoning turar joyi tantanavor ko’rinish oladi. Chunonchi, respublikamiz Prezidentining joriy yil 2 maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida”gi farmoni asosida jamoatchilik vakillari, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari bayram bilan qutladilar.

Mazkur jarayonda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Mariya momoga Prezidentimizning qutlug’ ayyom munosabati bilan yo’llagan bayram tabrigini o’qib eshittirdi va mamlakatimiz rahbarining sovg’alari hamda 18 million so’m pul mukofotini topshirdi.

Text to speech