Bayram ko’ngildagidek o’tsin
Jizzax viloyati IIO xodimlari tomonidan YAngi yil bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish davrida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko’rishmoqda. Viloyat IIB JXX boshlig’i, podpolkovnik Rahmatulla Bo’riyev rahbarligida Jizzax shahar markaziy hamda eski shahar dehqon bozorlarida ayni masalaga qaratilgan yig’ilish o’tkazildi. Tadbirda ichki ishlar organlari, milliy gvardiya hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining vazifalari xususida so’z bordi. Aholi gavjum joylar, xususan bozorlar, savdo va ko’ngilochar markazlar, Mustaqillik maydoniga o’rnatilgan YAngi yil archasi atrofida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlik va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, yong’in va yo’l harakati xavfsizligi bo’yicha qilinadigan ishlar tushuntirildi. Xizmatga jalb etilgan xodimlar xushyorlik va ziyraklik bilan vazifalarini bajarishlari, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalada bo’lish lozimligi uqtirildi.
Darhaqiqat, bozorlarda bayram oldi savdo avjiga chiqqan. Bu jarayonda iste’molchilarni sifatli qishloq xo’jaligi, go’sht, baliq, meva, non va non mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb masala sanaladi. SHu ma’noda viloyat IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi veterinariya vrachlari bilan birgalikda savdoga chiqarilgan go’sht, parranda va baliq mahsulotlarining iste’molga yaroqliligi o’rganilib borilayotir. SHu bilan birga tadbirkorlar o’rtasida targ’ibotlar qilinib, veterinariya-sanitariya talablariga rioya qilish lozimligi tushuntirilayapti.
SHuningdek, tezda buziluvchi oziq-ovqat, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar savdosi bilan shug’ullanuvchi yurtdoshlarimiz bilan ham doimiy profilaktik tadbirlar o’tkazilmoqda.
Bundan tashqari, ichki ishlar o’rganlari xodimlari bozorlar hududida turli ko’rinishdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida fuqarolar ogohlikka chaqirilib, jamoat tartibini saqlash chorasi ko’rilayapti. Qisqasi, soha xodimlari bayramning ko’ngildagidek o’tishi uchun kunu tun xizmat qilishayotir.