14 Yanvar 2023 yil 390

Bayram munosib nishonlandi

O’zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 14 yanvar’ – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati IIBda tantanali tadbir o’tkazildi.

Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov barchani bayram bilan qutladi. Boshqarma boshlig’i o’z so’zida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O’zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, zamonaviy qurol va texnikalar bilan ta’minlangan Milliy armiyamiz vujudga kelganligini ta’kidladi. “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil o’z natijasini berib, Qurolli kuchlarimiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylangani qayd etildi.

Qurolli Kuchlarimizning muhim asosi bo’lgan ichki ishlar organlari tizimi ham izchil takomillashib, soha vakillarining bor salohiyati huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalashga qaratilgan. Tantanada hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotgan bunday jadal o’zgarishlar ichki ishlar organlari tizimining yangi imidjini yaratish, xalq orasidagi obro’-e’tibori, yoshlarimiz qalbida Vatan himoyachisidek oliyjanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishi tilga olindi.

Bayram tadbirida vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini ta’minlash yo’lidagi ko’p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish borasidagi samarali mehnatlari, o’z xizmat burchini bajarish chog’ida ko’rsatgan mardlik va jasorati, kadrlar tayyorlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga qo’shgan muhim hissasi hamda 14 yanvar’ – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida taqdirlangan xodimlarga “A’lo xizmatlari uchun”, birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko’krak nishonlari, faxriy yorliq hamda sovg’alar topshirildi.

Bundan tashqari, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshib, ijobiy natijalarga erishib kelayotgan xodimlar viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliq hamda mukofotlar bilan taqdirlanishdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech