Bayram tantanali ravishda nishonlandi
Mamlakatimizda ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 25 oktyabr’ — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida tantanali yig’ilish uyushtirildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, hududiy ichki ishlar bo’limlari, sohaviy xizmatlar vakillari, faxriylar, hokimlik, mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi tizimlar mas’ullari ishtirokida o’tgan tadbir avvalida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev so’zga chiqib, respublikamiz Prezidentining ichki ishlar organlari xodimlariga yo’llagan bayram tabrigini o’qib, eshittirdi.
So’ng Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o’qib, yig’ilganlarni qutlug’ sana bilan muborakbod etdi. Tadbir davomida respublikamiz Prezidentining joriy yil 24 oktyabrdagi “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bir guruh xodimlarni mukofotlash to’g’risida”gi farmoniga asosan davlat mukofotlariga sazovor bo’lganlar qutlandi.
Bundan tashqari Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug’i asosida Jizzax viloyati IIB tizimida faoliyat ko’rsatayotgan bir guruh xodimlar I, II, III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, “A’lo xizmatlari uchun”, “Tezkor xizmatning a’lochisi” ko’krak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining esdalik qo’l soatlari va boshqa qimmatbaho sovg’alari bilan taqdirlandi.
YAna bir qancha ofitserlarga navbatdagi mayor, podpolkovnik hamda polkovnik maxsus unvonlari topshirildi. Xuddi shunday, o’nga yaqin soha faxriylari “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko’krak nishonlari hamda vazirlik faxriy yorliqlariga ega bo’lishdi.
Tadbirda Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxodjayev, Jizzax garnizoni boshlig’i, polkovnik Jamshid Rasulov ichki ishlar organlari xodimlarini bayram qutlab, soha faollariga ko’krak nishonlari va esdalik sovg’alari topshirdilar. CHunonchi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyrug’i asosida “Namunali xizmatlari uchun” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yig’ilishda ichki ishlar organlarining eng yaxshi xodimlarini aniqlash bo’yicha o’tkazilgan ko’rik-tanlovning viloyat bosqichi g’oliblari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i kubogi uchun o’tkazilgan mini futbol va 3 ming metrga yugurish musobaqalari g’oliblari diplom, esdalik sovg’alari va pul mukofotlari bilan rag’batlantirildi.