Barcha sharoitga ega markaz faoliyat boshladi
Jizzax viloyati IIB ichki ishlar organlariga nomzodlarni qabul qilish markazning ochilishi marosimida soha xodimlari, IIV Jizzax akademik litseyida o’qish istagida bo’lgan nomzodlar, ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar xususida to’xtaldi. Notiq o’z so’zida sohada xizmat qilishni maqsad qilgan nomzodlarni qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash, o’quvchilarning ta’lim olishlari uchun qulaylik yaratilganini qayd etdi.
Tadbir davomida ramziy bog’ich kesilib, viloyat IIB boshlig’i ota-onalar va mas’ullar bilan birgalikda markazdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Qayd etish joiz, mamlakatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo’naltirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshida mazkur markaz faoliyati yo’lga qo’yildi. Unda sinovlarni topshirish jarayonida shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, komissiya a’zolari nomzodlar tayyorgarligi, ota-onalar esa farzandlarining sinovlarni topshirish jarayonlarini bevosita onlayn tarzda kuzatib borishidi.
Mazkur markazda IIOda xizmat qilishni maqsad qilgan nomzodlar hamda soha vakillaridan sinovlar olish, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarliklarini oshirib borish ham ko’zda tutilgan. SHu ma’noda viloyat IIB MMI va KBTX kasbiy tayyorgarlik bo’limining shu yerda faoliyat ko’rsatishi yo’lga qo’yildi. Endilikda bir vaqtning o’zida 20 kishi komp’yuterlarda test sinovlarini topshirishlari mumkin.
Bundan tashqari 24 o’rinli kuzatuv xonasida sayyor o’quv yig’inlari tashkil etish ham reja qilingan. Zamonaviy interaktiv doska yordamida esa jangovar qurollar, ularning texnik va taktik xususiyatlari, o’q otar qurollarni virtual tarzda to’liqsiz qismlarga ajratish, yig’ish kabi nazariy bilimlar ham beriladi. Keyinchalik elektron tir otish qurilmasini ham ishga tushirish ko’zda tutilgan.
Markaz binosining tantanali ochilish marosimidan so’ng komissiya a’zolari IIV Jizzax akademik litseyida o’qish istagida bo’lgan nomzodlar bilan yakuniy suhbat o’tkazishdi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilda viloyatimizdagi o’rta umumta’lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan o’quvchilarning 1 ming 800 ga yaqini bilim yurtida o’qish istagini bildirgan. Ularning yakka tartibdagi suhbat, psixologik test va tibbiy ko’rikdan o’tgan 816 nafari maxsus professional tanlovda bilimlarini namoyish etishmoqda.