Baxmal: muammolarga yechim qidirib...
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birga Baxmal tumanida bo’lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, obodonlashtirish hamda mavjud masalalarni hal etish borasidagi ishlarning borishini ko’zdan kechirdi. Jarayonda ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash, o’rta umumta’lim maktablarida o’quvchilarning ta’lim olishi hamda fuqarolar yig’inlarida aholi uchun zarur qulayliklarni yaratish masalalariga e’tibor qaratildi. Ayni yo’nalishdagi mavjud kamchiliklar tuman faollari bilan muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo’yicha mas’ullarga ko’rsatma va topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, 3- sektor hududidagi mahallalarning ichki ko’chalarini ta’mirlash ishlariga ham diqqat qilindi. Ehtiyojmand oilalarga ko’mak ko’rsatish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanish bo’yicha targ’ibot ishlarini samarali tashkil etish lozimligi uqtirildi. SHu bilan birga tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bahorning seryog’in kunlarida yuz berishi mumkin bo’lgan favqulodda vaziyatlar vaqtida aholiga tezkor yordam ko’rsatish bo’yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.