26 Oktyabr 2022 yil 555

Bayram munosib nishonlandi

25 oktyabr’ - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” majmuasida viloyat IIB, hududiy ichki ishlar boshqarma va bo’limlari hamda sohaviy xizmatlarning rahbar va xodimlari ishtirokida bayram tadbiri o’tkazildi. Tantana avvalida ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli va mashaqqatli xizmatlari e’tirof etildi.

Xususan, mamlakatimiz rahbarining shu yil 25 oktyabrdagi “25 oktyabr’ - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to’g’risida”gi farmoni asosida Jizzax viloyati IIB YHXB yo’l-patrul’ xizmati inspektori, Qurbonali Aripov “Jasorat” medali, shuningdek, bir guruh rahbar va xodimlar Ichki ishlar vazirining joriy yil 23 oktyabrdagi buyrug’i asosida “Tezkor xizmatning a’lochisi”, “A’lo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko’krak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik qo’l soatlari bilan taqdirlangani e’lon qilindi. Binobarin, Ichki ishlar vaziri buyrug’iga binoan viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov “Tezkor xizmatning a’lochisi” nishoni bilan mukofotlangani bildirildi.

Bayramda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev so’zga chiqib, jamoat xavfsizligi va osoyishtalik posbonlarini mazkur sana bilan qutladi va bir qator soha vakillariga hokimlik sovg’alarini topshirdi. YAna bir qancha faol xodimlar O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, viloyat prokuraturasi kabi tizim va idoralarining ko’krak nishonlari, faxriy yorliq va sovg’alarini qabul qilib oldilar. Xuddi shunday soha faxriylari va xizmat davrida halok bo’lgan xodimlarning oila a’zolari sovg’alar berildi.

Tadbirda viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovga Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi vakillari tomonidan assotsiatsiya medali va nishoni ham topshirildi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur mukofot bilan xalqaro politsiya faoliyatiga ko’mak berganlar taqdirlanadi. Tantanaga poytaxt va viloyat san’atkorlarining konsert dasturi o’ziga xos shukuh bag’ishladi.

Text to speech