Bilim va ko’nikmalar oshirilmoqda
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 yanvar’ kungi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo’naltirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida Ichki ishlar vazirining buyrug’i bilan SHarof Rashidov tumanidagi harbiy qismda o’quv yig’ini tashkil etildi.
Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo’l-patrul’ va patrul’-post xizmati bo’linmalari xodimlari ishtirokidagi o’quv davomida ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi talablari to’liq tushuntirilayapti.
Bundan tashqari yuzaga kelgan stressli vaziyatlarda o’z-o’zini boshqarishning psixologik omillari, xodimning fuqaro va qonunbuzarlik sodir etgan shaxs bilan muloqoti chog’ida hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashda guruhlar bilan yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarda o’zini boshqarish bo’yicha mashg’ulotlar o’tilayotir. SHu bilan birga fuqarolar bilan muomala qilishda axloqiy sifatlarni va umumiy madaniyatni oshirishga qaratilgan madaniy tadbirlar, soha faxriylari, jamoat arboblari va ziyolilar bilan uchrashuvlar ham tashkil qilinmoqda.
Yig’inda ishtirokchilarning kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirishga ham diqqat qilinmoqda. SHu ma’noda maxsus texnik vositalarni qo’llash, o’qotar qurollardan foydalanish, ularning texnik va taktik xususiyatlari bo’yicha bilimlari oshirilib, maxsus-taktik mashg’ulotlar ham uyushtirilayapti.
Ta’kidlash joiz, mazkur o’quv yig’inlari bir hafta davom etib, yakunda xodimlardan sinovlar qabul qilinadi. Bugunga qadar shu kabi 3 ta o’quv yig’inlari o’tkazildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati