Boshqarma boshlig`i Navro`z mahallasida aholi bilan muloqot o`tkazdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i,
general-mayor G`ayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli Zarbdor tumani
“Navro`z” MFYda o`tkazildi. Muloqot avvalida sektor rahbari ehtiyojmand
oilalarning 3 nafariga elektr pechlari, 3 kishiga nogironlik aravachasi, 2
nafariga imtiyozli kredit mablag`lari ajratilganligi to`g`risidagi sertifikat,
16 yoshga to`lgan 4 nafar yoshlarga ИД kartani topshirdi. Bir guruh
tashabbuskor yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining faxriy
yorliq hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Sayyor qabulda 20 ga yaqin fuqaro boshqarma
boshlig`idan o`zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda amaliy yordam
so`radi. Xususan, oliy ta’lim uchun shartnoma pulini to`lash, ko`chalarga
asfalt yotqizish ishini davom ettirish, ko`chalarni tungi vaqtda yoritish,
maishiy chiqindilarni o`z vaqtida olib chiqish, hunarmandchilik faoliyatini
yo`lga qo`yish uchun er maydoni ajratish, nogironlik nafaqasini olish, moddiy
yordam ko`rsatishga oid masalalar ko`tarildi.
Bundan tashqari yo`l belgilari o`rnatish, ko`p
qavatli uyda olib borilgan ta’mirlash ishlari nihoyasiga etkazilmaganligi,
ichimlik suvi iste’molidan yuzaga kelgan qarzdorlikni kamaytirish kabi
masalalarga ham mutasaddilar ishtirokida echim izlandi.
Aholi bilan ochiq muloqot so`nggida viloyat ichki
ishlar boshqarmasi boshlig`i qabulda ko`tarilgan masalalarni o`z vaqtida hal
etish, muammolarni xonadonbay va mahallabay o`rganish hamda aholiga zarur
yordam ko`rsatish bo`yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.