2 Avgust 2023 yil 508

Bolam sizga o’xshasin!

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ini birinchi marta mahallamizda o’tgan jinoyat muhokamasida ko’rganman. O’zini tutishidan, so’zlaridan yolg’on gapirmasligi, bag’rikengligi yaqqol sezildi. SHu bois undan yordam so’rashga qaror qildim.

Ochig’i, 3- sektor rahbariga duch kelgunimga qadar juda ko’p rahbarga uchrashganman. Biri va’da berib, muammoimni hal qilmagan bo’lsa, boshqasi ko’mak ko’rsatish qo’lidan kelmasligini aytgan. Qisqasi, shaxsiy qabul o’tkazadigan kuni borsam, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i poytaxtdan kelgan mas’ullar bilan tumanlarga chiqib ketgan ekan. SHu bois qabulni o’rinbosarlaridan biri o’tkazayotgandi.

Men unga erim jigar sirrozi bilan kasallanganligi, oilaviy sharoitimiz og’irligi, turmush o’rtog’imni nogironlikka chiqarishmayotganligini aytdim. Boshqarma boshlig’ining o’rinbosari o’sha zahoti G’ayrat Qodirovga qo’ng’iroq qilib, nima maqsadda kelganligimni bayon qildi. Telefonning ovozi balandlatib qo’yilgani uchun G’ayrat Qodirovning hamma gaplarini eshitib turardim. U qaysidir idora rahbariga qo’ng’iroq qilib, muammoimni aytdi. Ozroq gaplashgach uyali aloqa vositasidan generalning: “Bugunoq borib uchrashishsin”, degan gapi eshitildi.

Men “Rahmat” aytgancha uyga shoshildim. 5 kun deganda turmush o’rtog’imning nogironlikka chiqarishdi. Erimning ahvoli og’ir, anchagina dori kerak bo’lyapti. Olayotgan nafaqasini davolanishga ishlatayapmiz. Ko’p o’tmay ikki nafar ichki ishlar organlari xodimlari uyimga bir qop un, moy, shakar, makaron, kartoshka, sabzi, piyoz, guruch tashlab ketishdi.

Yаna bir necha kundan so’ng G’ayrat Qodirovning o’zi keldi. Oila a’zolarim bilan gaplashdi. 9 yoshli o’g’limiz bor, unga iliq tilaklarini bildirdi. Men esa: “Bolamning og’ziga tuflang, sizga o’xshagan inson, general bo’lsin”, dedim, biz qozoqlarda shunday urf bor. Ana shu gap orasida uy ko’tarib qo’yganmizni, erim jigar sirrozi bo’lib qolgach, ichkarisini ta’mirlashning ilojini topolmayotganimizni aytdim...

Hayotim og’ir kechgan. Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug’ilganman. Ota-onamdan erta yetim qolganman, akalarim bilan qiynalib o’sdik. Keyin Qozog’istonga ko’chib ketdik. Birinchi turmushim o’xshamagan. Keyin Olmaotada hozirgi turmush o’rtog’im bilan taqdir yuzlashtirdi. SHu sabab Jizzaxga kelib qolganman.

Yоshligimda ko’p qiynalganim uchun bolamga o’zimniki kabi hayotni ravo ko’rmayman, uy-joy uchun tirishayotganim sababi shundan. Oradan 3-4 oy o’tib, uyimni ta’mirlashga ham pul ajratishdi. Bunday yaxshilikni ba’zida jigarlaring qila olmaydi. SHu bois bu insondan minnatdorman. Duoga qo’l ochganimda, u kishini ham eslayman, “Dunyo turguncha tursin, bolalariga bosh bo’lsin”, deyman. Rahbarlarni odamlarga yaxshilik qilishga undayotgan Prezidentimizga ham minnatdorchilik bildiraman.

 

Zina DAVLATNAZAROVA,

Jizzax shahri Oqqo’rg’onlik mahallasi.

Text to speech