3 Avgust 2023 yil 504

Bolamning hayotini xodimlar saqlab qolishgan

Bolamning hayotini ichki ishlar organlari xodimlari saqlab qolishgan. U yuragida tirqish bilan tug’ilgan, tibbiy ko’rikdan o’tkazgan shifokorlar iloji boricha tezroq jarrohlik amaliyoti o’tkazish zarurligini uqtirishardi. CHunki tirqish kengayib, qon tomirlari uzilishi mumkin edi.  Erim mavsumiy ishlar bilan shug’ullanadi. Uning topgani o’g’lim Javlonbekni operatsiya uchun qildirish uchun yetmasdi.

Bolam ko’z o’ngimda so’lib borardi. Entikib nafas olar, uzzukun uyda yotardi. “Men ham o’rtoqlarim kabi o’ynay olamanmi, chopa olamanmi?”, deganida yuragim ezilib ketardi. Operatsiya uchun pul topish maqsadida uyimizni sotuvga qo’ydik. YOrdam so’rab bormagan idoram qolmadi, ochig’i esim og’ishiga oz qolgandi.

SHunday kunlardan birida Elbek ismli hamqishlog’imiz “Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i bugun mahallamizda sayyor qabul o’tkazadi, u barchaga yordam berayapti, boring”, dedi. Garchi ishonchim butkul so’ngan bo’lsa-da, bolam uchun bordim. General bobo yaxshi odam ekan, hammaga yordam qilishga harakat qilardi, menga ham iloji boricha ko’mak ko’rsatishini bildirdi.

Ana shundan so’ng Do’stlik tumani ichki ishlar bo’limi xodimlaridan biri o’z mashinasida meni bolam bilan Toshkent shahriga shifoxonaga olib bordi. U yerda jarrohlik amaliyotini o’tkazish uchun 3 yil kutishim kerakligini aytishdi. SHifokorning oldidan yig’langancha chiqdim. Ko’p o’tmay o’sha xodim o’g’lim va meni Samarqand shahridagi shifoxonaga eltdi.

U yerda Niso Turdiboyeva ismli shifokor kutib olib, ko’nglimni ko’tardi: “Opa men Rossiyadagi shifoxonada ishlardim, Prezidentimiz Vatanga qaytinglar, degani uchun kelganman, xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo’ladi”. Ichki ishlar organlari xodimi shifoxonada meni qoldirar ekan, qo’limga oziq-ovqat, pul, telefon berib, “O’zimiz xabar olib turamiz”, dedi. Qarang, odamgarchilikni...

Operatsiya arafasida shifokor ko’p qon kerak bo’lishini aytdi, men yana tuman ichki ishlar bo’limiga qo’ng’iroq qildim. Ko’p o’tmay 10 nafar xodim yetib keldi. Ularning har biri 400 grammdan qon berdi.

Jarrohlik amaliyoti 7 soat davom etdi. Hammasi yaxshilik bilan yakunlandi. Keyin bildim, 3- sektor tomonidan shifoxona hisob-raqamiga 22 million so’m o’tkazilgan ekan. Uyga qaytganimizdan so’ng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i G’ayrat Qodirov o’g’limdan xabar olish uchun uyimizga to’lib-toshib keldi, bolamga katta o’yinchoq avtomobil’ sovg’a qildi.

O’zimni tutib tura olmadim, jigarbandimning hayotini saqlab qolganliklari uchun yig’lay-yig’lay minnatdorchilik bildirdim. Hozir bolam 1- sinfda o’qiyapti, sog’ligi yaxshi. YAqinda tuman ichki ishlar bo’limidan qo’ng’iroq qilib, “Samarqandda tibbiy tekshiruvdan o’tkazish uchun yana pul ajratamiz”, dedilar. Aytgancha, operatsiya payti o’g’limning qoni to’liq yangilandi. Hozir uning tanasida ichki ishlar organlari xodimlarining qoni oqyapti.

Javlonbegimga soha vakillari juda ko’p yordam berishganidanmi, kelajakda xodim bo’lmoqchi. Hamma yaxshiliklari uchun G’ayrat Qodirovga, Do’stlik tumani ichki ishlar bo’limi jamoasiga o’zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. 

 

Naima QO’LDOSHEVA,

Jizzax viloyati Do’stlik tumani

Saritepa mahalla fuqarolar yig’ini.

 

 

        

Text to speech