28 Iyul 2023 yil 471

Bolajonlarga zavq ulashib...

Jizzax viloyati IIBga qarashli “Zomin” sog’lomlashtirish oromgohida bolajonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. SHuningdek, 12 kun davomida dam oluvchilarning vaqtlarini maroqli va unumli tashkil etish uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari uyushtirilib borilayotir. Bu gal ham IIV Dinamo jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyat Kengashi hamda viloyat IIB tomonidan “Sport bilan yasha” shiori ostida bir necha sport turlaridan bellashuvlar o’tkazildi. Mazkur sport tadbirida o’g’il-qizlar stol tennis, shaxmat-shashka, futbol, voleybol, rasm chizish bo’yicha o’z mahorat va imkoniyatlari hamda iste’dodlarini namoyish etishdi.

Hozirda Turkiston tog’ tizmasi bag’rida joylashgan mazkur oromgohda 130 ga yaqin bolajonlar yozgi ta’til kunlarini mazmunli o’tkazishmoqda. Sport tadbiri doirasida doshqozonda milliy taomimiz osh damlanib, dam oluvchilarga tortiq qilindi. SHuningdek, musobaqalar g’oliblarni taqdirlash tadbirida viloyat IIB boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik Hamidulla Abdullayev yurtimizda yosh avlodning yozgi ta’til kunlarini mazmunli o’tkazishlari uchun yuzaga keltirilgan sharoitlar xususida so’z yuritdi va kelajak egalarining maroqli hordiq chiqarishlariga ishonch bildirdi. SHu bilan birga rasm chizish hamda sport turlari bo’yicha bellashuvlar ishtirokchilari Jizzax viloyati IIB hamda IIV Dinamo jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyat Kengashining diplom, medal hamda sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir davomida bolajonlar tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etilib, kuy-qo’shiqlarga raqslar ijro etildi.

Text to speech