Bosh maqsad - mahallalarimizni jinoyatdan holi hududga aylantirish
Ayni kunlarda mamlakatimiz Prezidenti topshirig’i asosida respublika ishchi guruhi Jizzax viloyatida bo’lib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, viloyat, shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha sektorlar faoliyati hamda davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan atroflicha tanishmoqda.
CHunonchi, ishchi guruhi tomonidan viloyat markazidagi 19 ming 465 nafar talaba tahsil olayotgan Jizzax davlat pedagogika instituti faoliyati o’rganildi. Bu jarayonda yoshlarning ta’lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, o’quv xonalari, sport maydonlari ko’zdan kechirildi.
SHuningdek, institutda faoliyat yuritayotgan ikki nafar profilaktika inspektori hamda yoshlar yetakchilari va pedagogik jamoa vakillari bilan suhbatlar o’tkazilib, talabalar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo’yicha qilingan ishlarga baho berildi. Mazkur yo’nalishdagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida ishchi guruh a’zolari tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, institut profilaktika inspektorlarining ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijarada turadigan talabalar sharoitini xonadonbay o’rganish, talaba turar joylari sig’imini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
So’ng ishchi guruh Jizzax shahrining «Jizzaxlik» mahalla fuqarolar yig’inida joylashgan band bo’lmagan aholiga xizmat ko’rsatuvchi monomarkaz faoliyati bilan tanishdi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur markazda dasturchilik, tadbirkorlik, avtomobillarga texnik xizmat ko’rsatish ustasi, payvandchilik, elektrchi, avtokranchi, tikuvchi, oshpaz, qandolatchi, buxgalterlik, duradgorlik kabi 22 ta yo’nalishda kasb-hunar o’rgatilmoqda. Xohlovchilar ingliz, yapon, koreys, rus tillaridan saboq olishayapti. Bugungacha markazda 1 ming 121 nafar kishi ta’lim olgan. Mehmonlarga muassasaning sport to’garaklariga oid imkoniyatlari haqida ham ma’lumotlar berildi. Aytgancha, shu kuni monomarkazda tashkil qilingan mehnat yarmarkasida 18 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega bo’ldi.
Ishchi guruh Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3-sektor shtabiga ham bordi. Bu yerda viloyatning 3-sektoridagi 80 ta mahallalarida yashovchi 381 ming 51 nafar aholining ehtiyojmand qatlamiga joriy yilning o’tgan davrida qariyb 25 milliard so’mlik ko’mak ko’rsatilgani bildirildi. YA’ni asosiy e’tibor «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «YOshlar daftari»ga kiritilganlarga qaratilgan. YAna ham aniqrog’i, ularga mehnat qurollari va subsidiyalar ajratilib, doimiy daromad manbaiga ega bo’lishlari uchun sharoitlar yaratilgan. O’rganish davomida sektor shtabidagi situatsion markazning imkoniyatlari bayon etildi.
SHuningdek, ishchi guruh Jizzax shahridagi «Eski shahar» dehqon bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar sifatini o’rgandi. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratini tashkil qilish uchun jalb qilingan oqsoqollar bilan muloqot o’tkazilib, aholiga sifatli va arzon mahsulotlar yetkazilishiga qo’shayotgan hissasi uchun ularga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov tomonidan kitob jamlanmalari sovg’a qilindi.
Ishchi guruh vakillari Jizzax shahrining Olmazor mahallasida istiqomat qiluvchi hovlisida 3 mingta tovuq parvarishlayotgan Azim Inomov, 2 sotix maydonga ega issiqxonada limon yetishtirayotgan hamda jo’ja ochirish bilan shug’ullanib, hovlisida 450 ta tovuq boqayotgan Muqaddas Xidirovaning turar joyida bo’lib, mahalla ishbilarmonlari bilan suhbatlashdilar.
Xuddi shunday, viloyat markazining «O’ratepalik» mahallasidagi ichki ishlar organlari tayanch punktida mahalla oqsoqollari, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo’yicha suhbat o’tkazildi. Ayni mazmundagi muloqot Jizzax shahrining Madaniyat mahallasida joylashgan 2-sektor shtabida ham tashkil qilindi.
SHu kuni ishchi guruhi a’zolari Zarbdor tumanining «YAngiobod» mahallasida joylashgan 168 nafar o’quvchi ta’lim olayotgan 1-sonli eshitish qobiliyati bo’lmagan bolalar maxsus maktab-internati hamda 228 nafar o’quvchi tahsil olayotgan 2-sonli zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida bo’lib, sharoitlarni ko’zdan kechirdilar. Ta’kidlash joiz, so’nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar sabab ushbu o’quv muassasalarining imkoniyatlari keskin o’zgargan.
Jumladan, bolalar robototexnika, IT sirlarini o’zlashtirishayapti. SHu bilan birga duradgorlik, sartaroshlik, poyabzal tuzatish, tikuvchilik, oshpazlik kabi hunarlar o’rgatilmoqda. O’quvchilarni eng zamonaviy eshitish moslamalari bilan ta’minlash borasida ham e’tiborga molik tadbirlar amalga oshirilgan.
Ishchi guruhning keyingi manzili Zarbdor tumanining 4 ming 173 kishi istiqomat qiladigan «Ravot» mahalla fuqarolar yig’ini bo’ldi. Mahallada tomorqadan samarali foydalanayotganlar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan muloqotlar o’tkazildi. Tadbirkorlarning ish tajribalari hududda yuzaga keltirilgan 17 ta issiqxona misolida ko’rib chiqildi. Aytish joiz, joriy yilning o’tgan davrida 44 nafar ishbilarmon imtiyozli kredit bilan ta’minlangan. Bundan tashqari ichki ishlar organlari va mahalla faollari sa’y-harakati tufayli hududda birorta ham jinoyat qayd etilmagan.
Ishchi guruh a’zolari Zarbdor tumanining «Tinchlik» mahallasida barpo qilingan kutubxona, ichki ishlar organlari tayanch punkti va mahalla fuqarolar yig’ini binosining ochilish marosimida qatnashdilar. Tadbirda kutubxonaga badiiy adabiyotlar topshirildi. Aholi bilan kechgan muloqotlar davomida asosiy mavzu huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo’ldi. Umuman olganda, o’rganishlar davomida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish choralari belgilab olinmoqda.
Ishchi guruhi viloyatdagi faoliyatini davom ettiryapti.