12 Mart 2022 yil 535

Bosh maqsad – osoyishtalikni ta’minlash

Jizzax shahrida voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish choralari ko’rilmoqda. SHu ma’noda, profilaktika inspektorlari hamda inspektor psixologlar tomonidan o’rta umumta’lim maktablarida targ’ibot tadbirlari o’tkazilmoqda. Xususan, 2- sonli o’rta umumta’lim maktabida ilm maskani amaliyotchi psixologi va direktor o’rinbosari ishtirokida o’quvchilarning darslarga qatnashish darajasi o’rganildi. SHu bilan birga o’quvchilarga muntazam darslarga kelishi, bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishlari, sport bilan shug’ullanish va kitob o’qish orqali bilimlarini boyitib borishi kerakligi uqtirildi.

SHuningdek, jinoyat sodir etib, hozirda Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi probatsiya bo’limi nazoratida jazo o’tayotgan mahkumlar, ov quroliga ega fuqarolarning o’q otar qurollarini saqlash qoidalariga amal qilishlari ham ko’zdan kechirilib borilayapti. Tazyiq va zo’ravonlikka uchragan xotin-qizlarga esa himoya orderlari berilib, belgilangan huquq va majburiyatlar tushuntirilmoqda.

Jizzax shahrining Oqqo’rg’onlik mahallasida profilaktika inspektori tegishli korxona va tashkilotlar mas’ullari bilan birgalikda uyma-uy yurish orqali fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalarni o’rgandi. Xonadon sohiblari bilan suhbatda bayon etilgan mavjud muammolar bartaraf etildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko’rsatish faoliyati bilan shug’ullanuvchi ishbilarmonlarning erishayotgan yutuqlari va kelgusi rejalari bilan o’rtoqlashildi.

Ma’muriy javobgarlik bilan bog’liq holatlar esa onlayn tarzda sud tomonidan ko’rilib, huquqiy baho berilmoqda. Bu ham bo’lsa, profilaktika inspektorlarining vaqtini tejash, ish unumdorligini oshirishda qo’l kelayapti.

Ta’kidlash joiz, joriy yilning o’tgan davrida shu kabi profilaktik tadbirlar davomida jami 147 nafar qarovsiz va nazoratsiz yurgan voyaga yetmagan shaxslar viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko’rsatish markaziga, 44 nafar daydilikda gumonlangan shaxslar sud qarorlariga asosan viloyat ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga qarashli reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi. Bundan tashqari, 28 ta jinoyatlar fosh etilib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan qariyb olti mingga yaqin shaxslarga tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

SHu bilan birga, 1 nafar bedarak yurgan fuqaro aniqlanib, 4 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Qisqasi, hududlarda profilaktika inspektorlarining tunu kungi xizmatlari natijasi o’laroq, jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligi ta’minlanib, sodir etilishi mumkin bo’lgan qonunbuzarliklarning oldini olishga erishilayapti. Qonun talabini buzganlar belgilangan tartibda javobgarlikka torilmoqda.

Text to speech