Boshqarma boshlig’i jismoniy va yuridik shaxslar bilan muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari bilan muloqot qildi. SHaxsiy qabulda 40 nafarga yaqin fuqaro o’zlarini qiynayotgan turli masalalarni hal etishda ko’mak so’rashdi.
Xususan, ishga joylashish, ishga tiklash, qonunni buzgan shaxsni javobgarlikka tortish, yetkazilgan zarar va qarzni undirish, firibgarlik, huquqiy yordam olish, imtiyozli kredit ajratilishi kabi muammolar bayon etildi. SHuningdek, 3- sektor hududidagi mahallalarning infartuzilmasini yaxshilash, elektr tayanchlarini yangilash, ichki yo’llarni ta’mirlash, shag’al va asfal’t yotqizish, issiqxona qurish, moddiy yordam, kadastr hujjatini rasmiylashtirish, salomatligini tiklash bo’yicha yordam zarurligi aytildi.
Qabulda ijtimoiy-maishiy, iqtisodiy hamda huquqiy mavzularda bildirilgan masalalar mas’ullar ishtirokida ko’rib chiqildi. Asosiy e’tibor murojaatlarni o’z vaqtida hal etishga qaratildi. Vaqt talab etadigan muammolar bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib ijrosi nazoratga olindi.
Aytish joiz, aholi muammolarini o’rganish va ularni joyida hal etish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i va mas’ullar tomonidan hududlarda doimiy ravishda fuqarolar bilan muloqotlar ham uyushtirilib borilmoqda. Xususan, reja asosida haftaning juma kuni viloyat 3- sektor rahbarining sayyor qabuli tashkil etilayapti. Fuqarolar bilan muloqotlar masalalarni joyida o’rganish va hal etish, asosiysi aholi roziligiga erishish imkonini bermoqda.