Boshqarmasi boshlig’i fuqarolarni qabul qildi
Haftaning har shanba kuni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’z shaxsiy qabulini o’tkazadi. Navbatdagi qabulga 27 nafar fuqaro keldi. Muloqotlar jarayonida ular tomonidan bir qator talab va takliflar bildirildi. CHunonchi, SHarof Rashidov tumanining Sovungarlik mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Temur Zoirov sport zal uchun bino ajratish, mazkur tumanning Ziyokor mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi Farrux Mullajonov tikuvchilik sexini kengaytirish yuzasidan murojaat qildi.
SHuningdek, ishga joylashish, mulkiy nizoga barham berish, huquqiy yordam, qarzdorlikni undirish, yo’qolgan mulkni topish, imtiyozli asosda uy-joy olish, firibgar tomonidan yetkazilgan zararni undirish va aybdorga chora ko’rish borasida ko’mak so’raldi. YAna kimdir qo’shnisining xatti-harakatlaridan shikoyat qilgan bo’lsa, boshqa birov qarindoshiga nisbatan ko’rilgan huquqiy choradan noroziligini bildirdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i fuqarolar tomonidan ko’tarilgan har bir muammoga yechim topish maqsadida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash, tergov kabi sohaviy xizmatlari hamda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3- sektor shtabi mas’ullariga topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash kerak, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i viloyatning 3- sektoridagi aholi punktlarida muntazam sayyor qabullar o’tkazmoqda. Mazkur jarayonda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkor va ishbilarmonlarni qo’llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlik uchun subsidiya va kreditlar ajratish, ayollar, yoshlar va temir daftarga kiritilganlarni yer va ish qurollari bilan ta’minlash choralari ko’rilyapti. Bu borada mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan faol hamkorlik qilinmoqda.