28 Aprel 2022 yil 591

Boshqarma boshlig’i Dashtobodda sayyor qabul o’tkazdi

Zomin tumanining Dashtobod shahrida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov sayyor qabul o’tkazdi. Tadbir doirasida hududdagi ta’lim muassasalari o’quvchilari ishtirokida yoshlar festivali ham uyushtirildi. Rassomlar bellashuvi, shaxmat-shashka va stol tennisi bo’yicha musobaqalar, kitob yarmarkasi, sanoat mahsulotlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko’rgazmasi tashkil qilindi. 

Festivalda viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, viloyatning 3- sektorida ulg’ayib kelayotgan avlod vakillarini tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, sport bilan shug’ullanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

So’ng yoshlarning 6 nafariga oliy ta’lim kontrakt to’lovi, 5 nafariga safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilish to’lovi to’lanishiga oid sertifikatlar berildi. Ikki nafar yigitga esa subsidiya asosida noutbuk sovg’a qilindi.

Xuddi shunday, 2 nafar fuqaroligi bo’lmagan hamda 5 nafar voyaga yetgan shaxsga ID kartalar tantanali ravishda topshirildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida faol yoshlar sektor rahbaridan faxriy yorliqlar olishdi.

Sayyor qabul davomida Zomin tumanining G’allakor, CHilonzor, Nurafshon, O’zbekiston, Baxt, Beruniy, Bunyodkor mahallalari aholisi bilan muloqot o’tkazildi. Mazkur jarayonda bildirilgan muammolarni hal etish bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi.

SHu kuni 3- sektor rahbari 100 ish o’rniga ega, bir sutkada 400 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Dal teknik Zomin sement” xorijiy korxonasi hamda alyuminiy profilli eshik va deraza romlari, bruschatka, shlakoblok, temir-beton mahsulotlar va mebel’ tayyorlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu jarayonda ishbilarmonlar tomonidan bildirilgan muammolarga yechim topish bo’yicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech