21 Oktyabr 2022 yil 538

Boshqarma boshlig’i dashtobodliklar bilan ochiq muloqot o’tkazdi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov Zomin tumani Hamid Olimjon mahallasida aholi va yoshlar bilan uchrashdi. Sayyor qabul avvalida sektor rahbari mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Baxt mahallasida mebel ishlab chiqarish sexi hamda parrandachilik faoliyatlarini ko’zdan kechirdi. Ishbilarmonlarning yaratgan ish o’rinlari va faoliyatni yanada kengaytirishga oid rejalari bilan  o’rtoqlashdi. SHuningdek, mahalla raisi, hokim yordamchisi va faollari, tuman 3- sektor mas’ullari bilan suhbatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlik masalalarini hal etish, infatuzilmani yaxshilash, kuz-qish mavsumiga hozirlik ko’rish, ehtiyojmand oilalarga yordam berish bo’yicha vazifalar belgilandi.

SHundan so’ng, Hamid Olimjon mahallasi hududidagi 25- o’rta umumta’lim maktabi hovlisida “YAshil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali, manzarali daraxt ko’chatlari ekildi. Hasharda 60 ga yaqin ko’chatlar o’tqazildi.

Tadbirda tumandagi korxona va tashkilotlar mavjud bo’sh ish o’rinlari bilan ishtirok etishdi. Fuqarolar ushbu ish joylari bilan tanishish asnosida mehnat shartnomasi tuzish imkoniyatiga ham ega bo’lishdi.

Qabul doirasida sektor hududidagi mahallalarda yashovchi ikki kishiga nogironlik aravasi, “YOshlar daftari”da ro’yxatda bir ayolga o’zini-o’zi band qilishi uchun subsidiya asosida tikuv moshinkasi, fuqaroligi bo’lmagan bir shaxsga fuqarolikka qabul qilinganligi munosabati bilan ID karta, 2 kishiga fuqaroligi bo’lmagan shaxs guvohnomalari topshirildi. Bir guruh ehtiyojmand oilalarga viloyat ichki ishlar boshqarmasining homiylik yordami ko’rsatildi, faol va tashabbuskor yoshlar faxriy yorliq hamda sovg’alar bilan taqdirlandi.

Sektor rahbarining aholi va yoshlar bilan muloqotida 40 nafarga yaqin fuqarolar tomonidan qator muammolar ko’tarildi. Baxt, Nurafshon, Hamid Olimjon, O’zbekiston, Ulug’bek, Istiqlol, Turkman hamda YAngiobod tumanining SHodlik mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy masalalarida ko’mak so’rashdi. Xususan, Baxt mahallasida yashovchi Sirojiddi Qarshiboyev va Jamshid Mixliboyevlar bandlik, Umidjon Erkaboyev issiqxona qurish uchun subsidiya ajratilishi, nurafshonliklar esa ichki ko’chalarni ta’mirlash, elektr tarmog’i uchun beton tayanch ustunlari o’rnatish, tabiiy gaz tarmog’iga ulanish, ichimlik suvi o’tkazish zarurligini bayon etishdi. O’zbekiston aholi punktida yashovchi Madina Xudoyberdiyeva tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yish uchun imtiyozli kredit ajratishda yordam so’radi.

Muloqot davomida, avtomobil harakatini tartibga solish, ichimlik suvi nasoslarini ta’mirlash, o’zini-o’zi band qilish uchun subsidiya, shifoxonaga tibbiyot xodimi ajratilishi, uy-joy, moddiy yordam hamda huquqiy masalalardagi murojaatlarga yechim izlandi. Qayd etish joiz, murojaatlarning aksariyati ichki ko’chalar ta’miri, elektr simyog’ochlar, tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan bog’liq bo’ldi. Xullas, sayyor qabulda fuqarolar tomonidan bildirilgan barcha masalalar tegishli tashkilot mas’ullari ishtirokida ko’rildi.

Sayyor qabul so’nggida ishchi guruh tomonidan ayrim masalalar joyiga chiqib o’rganildi. “Ayollar daftari” da ro’yxatda turuvchi Qanoat Umarova ayni damda o’g’lining oilasi bilan ijrada yashamoqda. Hamid Olimjon mahallasi, Tafakkur ko’chasidagi mavjud uchastkasida uy qurishga yordam so’ragan. Uning murojaati asosida yer maydoni ko’zdan kechirilib, muammoni hal etish bo’yicha zarur choralar belgilab olindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech