Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan qo’shma reyd o’tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ekoreyd uyushtirildi.
Joriy yilning 24 avgustida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida mamalakatimizda tabiatni himoyalashga qaratilgan faoliyatni kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tizimida ekologiya politsiyasini tashkil etish masalasi ko’tarilgan edi.
Mazkur yig’ilishda belgilangan vazifa va topshiriqlar asosida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirdi. Xususan, 18 sentyabr butunjahon tozalik kuni munosabati bilan nazorat-reyd tadbirlari uyushtirildi.
Dastlab bajariladigan ishlar belgilandi. SHundan so’ng joylarda profilaktik tadbirlar olib borildi. Eski shahar buyum savdo kompleksi hamda eski shahar dehqon bozori hududi ko’zdan kechirilganda qator kamchiliklar aniqlandi. Savdo va xizmat ko’rsatish hamda ovqatlanish shohobchalari atroflariga to’plangan chiqindilarni olib chiqish va zararsizlantirish bo’yicha mas’ullar ogohlantirildi. SHuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlari atrof tozaligiga e’tibor qaratishlari, aks holda ma’muriy javobgarlikka tortilishi tushuntirildi.
Oqqo’rg’onlik mahallasida o’tkazilgan o’rganishlarda mahalla fuqarolar yig’ini idorasi oldidagi binoning qurilish chiqindilari vaqtida olinmaganligi, uning ko’lami esa maishiy chiqindilar bilan kengayib borayotgani ma’lum bo’ldi. Ishchi guruh tomonidan qurilish ob’yekti mas’ullari, atrofdagi ovqatlanish, savdo va xizmat ko’rsatish yo’nalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hudud obodligini ta’minlash bo’yicha ogohlikka chaqirildi.
Bu kabi ekoreydlar muntazam tashkil etilishi belgilangan. Nazorat tadbirlarida daraxtlarni kesish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga to’plash, tashlab ketish hamda vaqtida olib chiqmaslik holatlari bo’yicha qonunbuzarlarga tegishli jazo choralari ko’riladi.