Cektor rahbari “Obod mahalla” dasturida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Paxtakor, Do’stlik, Zafarobod, Arnasoy, Mirzacho’l tumanlarida bo’lib, aholi punktlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hamda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bilan tanishdi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov dastlab Paxtakor tumanining Nurli pangat qishloq fuqarolar yig’inida bo’ldi. 3- sektor rahbari bu yerda “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ayni paytda hududdagi 18 ta ko’chaga shag’al yotqizilmoqda.
Xuddi shunday, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi turar joylarini obodonlashtirish, ariqlarni tozalash choralari ko’rilmoqda. Aholi bilan muloqot davomida hududda ko’prik qurish, sun’iy qoplamali stadion, kutubxona barpo etish, mavjud sport zalidan samarali foydalanish yuzasidan takliflar bildirildi. Mazkur murojaatlarga yechim topish maqsadida mas’ullarga topshiriqlar berildi.
SHu kuni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Do’stlik tumanining Saritepa mahalla fuqarolar yig’inida bo’ldi. Mazkur mahallada ham ko’chalarga shag’al yotqizilmoqda. Bugungacha 1 ming 800 metrga yo’lga shag’al to’shalgan. Bu jarayonda 3- sektor mas’ullari transport masalasini hal qilgan bo’lsalar, aholi shag’alni yotqizish uchun hashar uyushtirmoqda. 3- sektor rahbari hududdagi 14- sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur jarayonda muassasani elektr bilan ta’minlashda kamchilik borligi aniqlandi va ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i mahallaga elektr transformatori o’rnatish yuzasidan topshiriq berdi. SHuningdek, Saritepadagi 14 ta ko’p qavatli uylar tevaragida piyodalar yo’lakchasi quriladi, yaroqsiz holga kelgan 40 ta simyog’och o’rniga ustun o’rnatiladi.
3- sektor rahbari Zafarobod tumanidagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig’inida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Ayni kunlarda mazkur hududda simyog’ochlar, elektr tarmoqlari hamda transformator yangilanmoqda. Hududdagi turar joylar va infratuzilma ob’yektlari ta’mirdan chiqarilishi rejalashtirilgan. 3- sektor rahbari tumandagi 160 mingta jo’ja parvarishlanayotgan parrandachilik sexi faoliyatini o’rgandi. Temir daftarga kiritilgan 40 nafar fuqaro ishlayotgan mazkur tadbirkorlik sub’yektiga har tomonlama ko’mak ko’rsatilishi bildirildi.
3- sektor rahbari Arnasoy tumanining Mirzo Bobur mahalla fuqarolar yig’inida ham bo’ldi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i mahalladagi tomorqadan samarali foydalanayotgan, hovlida parrandachilik, tikuvchilik, savdo kabi yo’nalishlarda faoliyat yuritayotganlar ishi bilan tanishdi. SHuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tumanda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayoni bilan qiziqdi. 3- sektor rahbari 9500 ta adabiyotga ega tuman markaziy kutubxonasida ham bo’ldi.
SHu kuni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Mirzacho’l tumanining O’zbekiston mahallasiga bordi. Bu yerda sektor rahbari oilaviy tadbirkorlik yo’lga qo’yilgan xonadonlarda bo’ldi. Sektor mas’ullari qaysi hududda bo’lishmasin, tadbirkorlik bilan shug’ullanayotganlarga ko’mak ko’rsatish choralarini belgilashayapti. Bu borada hokim yordamchilari bilan yaqindan hamkorlik qilinayotir.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati