8 Aprel 2022 yil 480

Cektor rahbari aholi sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko’zdan kechirdi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zomin tumanining 3- sektorida aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishdi. SHuningdek, boshqarma boshlig’i hududdagi 1- sonli ichki ishlar bo’limi qurilishini ko’zdan kechirdi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov dastlab Zomin tumaning 3- sektoridagi Abu Rayhon Beruniy nomli mahallada “YAshil makon” umummiliy loyihasi doirasida ming tup mevali va manzarali daraxt ko’chatlari ekilgan hududda bo’ldi. Ayni vaqtda mazkur bog’dagi daraxtlarni sug’orish uchun 40 metr chuqurlikdan suv chiqarish choralari ko’rilmoqda. 3- sektor rahbari Zomin tumani ichki ishlar boshqarmasi mas’ullariga ekilgan ko’chatlarni parvarishlash hamda nihollar sonini oshirish bo’yicha tavsiyalar berdi.

SHundan so’ng “Jizzax suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Zomin tumani bo’limiga qarashli Dashtobod suv uzatish inshootida bo’lindi. Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug’bek hamda Bunyodkor mahallalarini ichimlik suvi ta’minlovchi mazkur inshootdagi mavjud 4 ta suv uzatish qurilmasi to’liq yangilanmoqda. SHuningdek, inshoot hududida 100 metr uzunlikdagi quvurlar almashtiriladi. Bino hamda jami 1000 tonnalik sig’imga ega 2 ta havza ta’mirlanadi. 3- sektor rahbariga quruvchilar qisqa muddatlarda Dashtobod shahridagi 3 ta mahallada ichimlik suvi bilan bog’liq muammolar to’liq bartaraf etilishini bildirdilar.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Abu Rayhon Beruniy nomli mahalladagi qurilishi to’xtab qolgan istirohat bog’iga bordi. Bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini davom ettirishda yordam so’raldi.

3- sektordagi Hamid Olimjon mahallasida esa 13,8 kilometr uzunlikdagi 7 ta ko’chaga shag’al yotqizilmoqda. SHuningdek, qariyb 14 kilometr masofaga ichimlik suvi quvurlari tortiladi. Hudud aholisi tomonidan qo’shimcha yo’l qurish uchun ruxsat olish hamda o’rta umumta’lim maktabi qarshisidagi yo’lda harakat xavfsizligini kuchaytirishga oid muammolar ko’tarildi.

SHu kuni 3- sektor rahbari Nurafshon mahallasidagi avtomobillarga texnik xizmat ko’rsatish shoxobchasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur shoxobchaning 6 nafar ustasi tomonidan 2- sonli kasb-hunar maktabining 4 nafar o’quvchisi shogirdlikka olingan. Ular maktabni tamomlaganlaridan so’ng shu yerda ish bilan ta’minladilar. G’ayrat Qodirov ushbu tajribani ommalashtirish bo’yicha 3- sektor mas’ullariga topshiriq berdi. Muloqotlar yakunida aholi tomonidan bildirilgan muammolarni hal etish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Boshqarma boshlig’i So’fimozor mahalla fuqarolar yig’inida barpo etilayotgan 1- sonli ichki ishlar bo’limi binosi qurilishi bilan ham tanishdi. Imoratda bo’lim boshlig’i, surishtiruvchi, tezkor vakil, profilaktika inspektori hamda navbatchilik qismi xodimlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Qurilish ishlarini iyul’ oyida yakunlash ko’zda tutilgan. 3- sektor rahbari hududni obodonlashtirish bo’yicha tavsiyalar bildirdi va bo’lim hovlisida boshlangan daraxt ekish ishlarida qatnashdi.    

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech