13 Noyabr 2023 yil 2092

Do`stlikda yoshlar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

Do`stlik tumanida yoshlarni kasb-hunarga yo`naltirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ularning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish, iqtidor va iste’dodlarini namoyon etishga ham alohida e’tibor qaratilayapti. Tumanning Sanoatchilar mahallasida hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va korxonalar mas’ullari hamda mahallalar beshliklari ishtirokidagi uchrashuv avvalida tashkil qilingan sport turlaridan bellashuvlar va ko`ngilochar dasturlar misolida ham buni yaqqol ko`rish mumkin. Xususan, stol tennisi, shaxmat bo`yicha musobaqalarda mahalla o`g`il-qizlari g`oliblik uchun kurashishdi. Gulxan atrofida esa qo`shiqlar kuylandi. Mazkur tadbirda viloyat IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov, viloyat hokimining o`rinbosari Akmal Savurboev, DXX viloyat boshqarmasi boshlig`i, polkovnik Olim Boboevlar ham qatnashishdi. Shu bilan birga yaqindan ta’mirdan chiqarilgan mahalla fuqarolar yig`inida davlat xizmatchilariga yaratilgan qulayliklar ko`zdan kechirildi.

Bundan tashqari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xotin-qizlar bilan ishlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahalla raisi va faollarning ishi tahlil qilindi.

Mahalla yoshlari bilan o`tgan uchrashuv avvalida yoshlarning jamiyatda o`z o`rinlarini topishlari uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishga qaratilgan tadbirlar xususida so`z yuritishdi.

Uchrashuvda, shuningdek joriy yilning o`tgan davrida hudud yoshlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi hamkorligini yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Tadbir davomida yoshlar o`zlarini qiynayotgan masalalarni hal etishda amaliy yordam so`rashdi. Ko`tarilgan muammolarni joyida bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Tadbir yakunida tungi xizmatga jalb etilgan ichki ishlar organlari xodimlari bilan muloqot qilgan viloyat IIB boshlig`i profilaktik ishlarni jonlantirish, osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jarayonda xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash, fuqarolar bilan xushmuomalada bo`lish lozimligini uqtirdi.

Text to speech