6 Fevral 2022 yil 616

Ekologik huquqbuzarlikka qarshi kurashilmoqda

Jizzax viloyatida muhofaza etilayotgan tabiiy hududlarda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, noqonuniy ov, baliq ovlash, yovvoyi holda o’suvchi o’simliklarni terish-yig’ish kabi qonunbuzarliklarga qarshi kurash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining joriy yil 15 yanvrdagi “Jizzax viloyati Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi hududini muhofza qilish hamda noqonuniy baliq ovlashning oldnini olishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoyishi asosida “Aydar-Arnasoy” ko’llar tizimiga tutash bo’lgan Forish, Zafarobod, Arnasoy va Mirzacho’l tumanlarida tezkor guruhlar tomonidan maxsus profilaktik tadbiri o’tkazilayapti.

Tadbirlarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan bir qator qonunbuzarliklar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. CHunonchi, Mirzacho’l tumanining Toshkent mahallasi hududida harakatlanayotgan, Toshkent viloyati CHinoz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Damas” salonidan 20 kilogramm, Gulzor mahallasida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro boshqaruvidagi “VAZ-2121” rusumli avtoulovda 22 kilogramm baliq borligi aniqlandi. Ma’lum bo’lishicha, ushbu baliqlar noqonuniy ravishda “Aydar-Arnasoy” ko’lida tutilgan.

Mazkur maxsus profilaktik tadbir davomida noqonuniy ovlangan 75 kilogramm baliq, 2 ta qayiq, 3 ta transport vositasi, 2 ta mototransport hamda 6 ta ruxsat etilmagan to’r hujjatlashtirilgan.

Ta’kidlash joiz, viloyat hududida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik nazorat soxasida davlat organlari faoliyatini tashkil etish maqsadida Jizzax shahri va tumanlarda ham reyd tadbirlari muntazam o’tkazilmoqda. SHu bilan birga, korxona va tashkilotlar, savdo, xizmat ko’rsatish hamda ovqatlanish shahobchalari atroflariga chiqindilarni tashlamaslik bo’yicha mas’ullar ogohlantirilayapti.

Atrof tozaligiga e’tibor qaratish, hudud obodligini ta’minlash, daraxtlarni kesmaslik, aks holda tegishli tartibda javobgarliklar belgilanishi tushuntirilayotir. Navbatdagi nazorat tadbirlarida ham bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi.

Xususan, SHarof Rashidov tumani hududidagi qir va adirliklardan toshlarni qazib olish va tashib ketish bilan bog’liq 2 ta holat bo’yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Ushbu tuman tibbiyot birlashmasida esa maishiy va tibbiyot chiqindilari aralashtirilgan va hududdan olib chiqish va zararsizlantirish choralari ko’rilmaganligi ma’lum bo’ldi. Holat yuzasidan mas’ullarga javobgarlik choralari ko’rildi.

Maxsus profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech