El dardini aritib...
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli SHarof Rashidov tumanida bo’lib o’tdi. Dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tumanining 4 ta sektori mas’ullari bilan birgalikda 23 mingdan oshiq ekspontga ega Jizzax viloyati tarixi va madaniyati muzeyining sharoitlari bilan tanishdi. Mazkur jarayonda muassasa faoliyati, bu yerda saqlanayotgan Jizzax viloyati tabiati, tarixi, san’ati, xalq hunarmandchiligi namunalari hamda taniqli shaxslarning hayoti, ijodi va mehnatiga oid ma’lumotlar berildi.
SHundan so’ng sektor mas’ullari Jizzaxlik mahallasida joylashgan “Zomin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bordi. Aytish joiz, mazkur kichik korxona tomonidan qayta ishlanayotgan asal Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilinmoqda. SHuningdek, yaqin orada Xitoyga 50 tonna mahsulot sotish rejalashtirilgan.
Tadbirkor G’ayratxo’ja Ahmedov Pol’shadan keltirilgan asalni qayta ishlash texnologiyasi xususida ma’lumot berar ekan faoliyatini kengaytirish uchun 200 million so’m miqdorida imtiyozli kredit hamda yer maydoni zarurligi, bu mablag’ xorijdan qadoqlash liniyasini keltirish, asalari qutilarini tashuvchi tirkamalar yasashni yo’lga qo’yish uchun yo’naltirilishini bildirdi. Mazkur masalalar tuman hokimligi yordami bilan qisqa muddatlarda hal qilinishi belgilab olindi.
3- sektor rahbari 1- sonli kasb-hunar maktabida ham bo’lib, bu yerdagi kasbga yo’naltirish kurslari faoliyati bilan tanishdi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur kurslarda tadbirkorlik qilmoqchi bo’lgan, “Ayollar” va “YOshlar” daftarlariga kiritilgan 43 kishi ta’lim olmoqda. Ular 2 oy davomida tikuvchilik, avtomobillarni ta’mirlash, mebel’ yasash sirlarini o’zlashtirishadi.
Bu davrda o’quvchilar oyiga 509 ming so’m miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi. Kurs yakunida esa kasb egallaganliklari to’g’risida sertifikat hamda imtiyozli kredit olishadi. Aytgancha, kurs vaqtining 30 foizi nazariy bilimlarni egallashga, 70 foizi esa amaliyotga sarflanadi.
Kasb-hunar maktabi faoliyati bilan tanishish jarayonida 3- sektor rahbari bu yerda chilangar va payvandlovchilarni tayyorlash taklifini bildirdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i kasb-hunar maktabi binosida mebel’ sexi faoliyatini yo’lga qo’ygan yosh tadbirkor Elbek Ne’matov bilan ham muloqot o’tkazdi. Bu jarayonda Elbek imtiyozli kreditga ehtiyoji borligini ma’lum qildi. Masala hal qilinishi uchun tadbirkorga bank vakili biriktirildi. Aytgancha, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tashabbusi bilan avtomobil’ sozlovchilar kursida ta’lim olayotgan yoshlar “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi avtomobil’ zavodiga sayohatga boradigan bo’lishdi.
Sayyor qabul hududdagi 11- sonli o’rta umumta’lim maktabida bo’lib o’tdi. Tadbir avvalida fuqaroligi yo’q shaxslar hamda yoshlarga O’zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi. Bundan tashqari “Temir daftar”ga kiritilgan 6 kishi maishiy elektrotexnika jihozlariga ega bo’ldi.
Sektor mas’ullari hududda uyushtirilgan kitoblar ko’rgazmasi, 5 muhim tashabbus asosida tashkil etilgan to’garaklar faoliyati bilan tanishdilar. Bu jarayonda maktab o’quvchilari 3- sektor rahbaridan kitoblar, 30 dona sport kiyimi va anjomlarini qabul qilib olishdi.
Aholi bilan muloqotlar davomida tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yish uchun yer maydoni, kredit, bino ajratish, svetofor va yo’l belgilari o’rnatish, ishga joylashish, yo’l qurish va ta’mirlash, turar joy barpo etish uchun yer, qurilish materiallari va moddiy yordam olish, elektr ustunlarini yangilash, suv va gaz ta’minotini yaxshilash kabi muammolar ko’tarildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i G’ayrat Qodirov va boshqa sektorlar mas’ullari tomonidan muammolarni iloji boricha joyida hal qilish choralari ko’rildi.
— Sayyor qabul davomida baliqchilik xo’jaligi ochish niyatim borligini, buning uchun 30 million so’m kredit zarurligini bildirgan edim, — deydi Jizzax politexnika instituti talabasi SHahlo Hoshimova. — Bu masala hokimlik va bank vakillari tomonidan shu joyning o’zida o’rganib chiqildi va menga 30 million so’mlik imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikat topshirildi. Buning uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’idan minnatdorman.
Xuddi shunday, tumanning Sovungarlik mahallasida istiqomat qiluvchi Aziza Nurmatova hamda Jizzaxlik mahallasida yashovchi Madina Umarovalarning murojaatlari asosida kredit rasmiylashtirilib, ularga tikuv mashinalari topshirildi. Umuman olganda, mazkur sayyor qabulda SHarof Rashidov tumanining Jizzaxlik, Xavastlik, Sovungarlik, Bobur, Tuyoqli, Madaniyat, YOshlik, Ziyokor mahalla fuqarolar yig’inlari vakillarining 40 dan oshiq muammo va masalalarini hal etish choralari belgilandi.
Sayyor qabul davomida mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan viloyatda ishga tushirilayotgan korxonalar, qishloq xo’jaligi sohasida hayotga tatbiq etilayotgan ko’lamli loyihalar, aholining turmush darajasini yuksaltirish maqsadida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar hamda mavjud muammolarni bartaraf etish qaratilgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.