15 Yanvar 2022 yil 619

Yosh xodimlarning bilimi sinaldi

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14 yanvar’ — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining yosh xodimlari o’rtasida “Eng yaxshi kitobxon” ko’rik-tanlovi bo’lib o’tdi.

Tadbir avvalida so’z olgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so’z yuritdi. Shuningdek, notiq respublikamiz Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to’g’risida”gi Qarorining ijrosi bo’yicha ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan tadbirlarga to’xtalib o’tdi.

Shundan so’ng tanlovda qatnashgan 35 nafar yoshning zakovati 3 ta shart asosida sinaldi. Chunonchi, dastlabki shartda yoshlar test asosida berilgan 25 ta savolga javob topdilar. Keyingi shartda ichki ishlar organlarining yosh xodimlari jahon va milliy adabiyotimizga oid 3 ta savolga javob qaytarishdi. “Men sevgan qahramon” esa shartida yuraklardan chuqur joy olgan badiiy asarlar qahramonlari tavsiflandi.  

Ichki ishlar organlari xodimlarining bilimlari Jizzax davlat pedagogika instituti, IIV Jizzax akademik litseyi, O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limi, O’zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillaridan tarkib topgan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.  

Natijalarga keladigan bo’lsak, 1- o’rinni Zomin tumani ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi 1- son ichki ishlar bo’limi surishtiruv guruhi surishtiruvchisi, leytenant Nodirbek Asqarov qo’lga kiritdi. Ikkinchi o’rinni Yangiobod tumani ichki ishlar bo’limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmasi tayanch punkti profilaktika inspektori, leytenant Berdiyor Murodqulov egalladi. Uchinchi o’rin esa Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi inspektor-psixologi, leytenant Mohinur G’oziyevaga nasib qildi.

G’oliblar faxriy yorliq va sovg’alar bilan rag’batlantirildi. Yakunda O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14 yanvar’ — Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlangan konsert uyushtirildi.

 

 

Text to speech