Yoshlar giyohvandlikka qarshi
Ayni kunlarda yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarining tarqalishiga qarshi kurashish tezkor-profilaktik tadbiri o’tkazilmoqda. SHu ma’noda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda giyohvand vositalariga qarshi qaratilgan tadbirlar har qachongidan kuchaytirilib, targ’ibotlar uyushtirilayapti. Xususan, Jizzax davlat pedagogika universitetida o’tkazilgan tadbirda yoshlar ishtirokida sodir etilayotgan jinoyatlar, xususan giyohvand moddalar bilan bog’liq qonunbuzarliklar xususida ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlandiki, giyohvand modda inson salomatligi uchun jiddiy xavf solib, uning ham aqlan va jisman majruh bo’lishiga olib keladi. Giyohvand moddani iste’mol qilgan kishi uning quliga aylanib, bor bisotini ana shu illat uchun yo’q qiladi. Kishini jinoyat yo’liga boshlaydi. Tadbirda shular xususida so’z borib, tinch-totuv oilani parokanda qilishga sabab bo’luvchi giyohvandlikning salbiy oqibatlaridan xabardor bo’lishi va unga qarshi har bir kishi kurashishi lozimligi qayd etildi. Yig’ilishda mavzuga oid bukletlar ham tarqatilib, giyohvandlikning ayanchli oqibatlari haqida videoroliklar namoyish etildi.
Xuddi shunday Jizzax politexnika instituti talabalari ishtirokida ham targ’ibot ishlari olib borildi. Tadbirlarda giyohvand vositalarining turlari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining inson salomatligi salbiy ta’siri tushuntirildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida yoshlar ishtirokida o’tkazilmoqda.