Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish yo’lida
SHu kunlarda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan barcha shahar va tumanlardagi 3- sektor hududlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilmoqda. SHunday tadbirlardan biri Arnasoy, Do’stlik va Mirzacho’l tumanlarida tashkil etildi. O’rta umumta’lim maktablari o’quvchilari, “Temir daftar”, “YOshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbir avvalida yurtimizda aholini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, xususan yoshlarning bilim olishlari, kasb egallashlari va ularni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtidor va iste’dodlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan loyihalar haqida ma’ulotlar berilib, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligi va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi o’rni e’tirof etildi.
Tadbirda san’atkorlar hamda IIV Jizzax akademik litseyi o’quvchilarining Vatanimizni, xalqimizni ulug’lovchi konsert dasturi namoyish etildi. SHuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari o’z iste’dodlarini ko’rsatdilar. Xuddi shunday, yig’ilganlarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlarining jangovar chiqishlari ma’qul keldi. Otryad xodimlari jinoyatchilarni qo’lga olish va ularni zararsizlantirish, jangovar qurollardan foydalanish hamda qo’l jangiga oid mahoratlarini namoyish qildilar.
Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmati xodimlarining xizmat itlari yordamida jinoyatchilarning iziga tushish, ularni tutish, qurol-yarog’ va narkotik moddalarni qidirib topishga doir ko’rgazmali chiqishlari ham ko’pchilikka manzur bo’ldi. YOshlar ichki ishlar organlari xodimlari foydalanuvida bo’lgan qurol-yarog’lar bilan yaqindan tanishib, qurol va aslahalar haqidagi bilimlarini boyitdilar.
SHu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo’limi xodimlari hamda hududiy ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektorlari tomonidan ayollar bilan suhbatlar o’tkazildi. Muloqotlar natijasiga ko’ra viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqiy-psixologik yordam ko’rsatish va reablitatsiya etish sayyor avtobusida mutaxassislar tomonidan ayollarga huquqiy-psixologik yordam berildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati