2 Sentyabr 2022 yil 532

E’tibordan dillar shod, ko’ngillar obod

O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 3- sektor hududida yashovchi 16 nafar o’quvchi hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bo’lib o’tgan mazkur yig’ilish avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov va boshqalar so’zga chiqib, mamlakatimiz ta’lim tizimida kechayotgan islohotlar, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularni ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar hamda ulg’ayayotgan avlod vakillarining el-yurt oldidagi mas’uliyati xususida to’xtaldilar.

Shundan so’ng “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning 16 nafar farzandlariga maktab formasi, sumka hamda 8 turdagi o’quv qurollari topshirildi. Tabiiyki, yangi o’quv yili oldidan berilgan bu sovg’alar bolalar va ularning ota-onalariga quvonch baxsh etdi.  

Ta’kidlash joiz, mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari, kasb-hunar egallashlari hamda ularni ish bilan ta’minlash borasidagi islohotlar natijasi o’laroq ilm-fan, san’at va sport sohalarida xalqaro miqyosda yuqori natijalarni qo’lga kiritayotganlar soni oshib bormoqda. Xuddi shunday, bolalar va yoshlarni ijtimoiy himoyalash, ularning ta’lim olish sharoitlarini qulaytirish choralari ko’rilyapti.

Qisqasi, bu zaminda yashayotgan har bir inson e’tibordan chetda qolmaydi. Viloyatning 3- sektorida ezgulikka yo’g’rilgan tadbirlar davom etmoqda. Zero, “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz”.

Text to speech