“Faol mahalla – vatan tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Faol mahalla – vatan tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev boshqargan tadbirda mavzu yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik Sayyora Xolmirzayeva ma’ruza qildi.
Notiq o’z so’zida mamlakatimizda fuqarolarning davlat boshqaruvini amalga oshirishdagi ishtiroki va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal qilishlarini ta’minlovchi tashkiliy-huquqiy kafolatlar tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida so’z yuritdi. SHuningdek, aholi osoyishtaligini ta’minlash, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish, bu jarayonda hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikning samarasi qayd etildi.
Tadbir davomida bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar topshirildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir so’nggida “Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi. Ichki ishlar organlari xodimlari milliy va jahon adabiyoti durdonalari hamda huquqiy adabiyotlardan harid qilishdi.