Faol zakovatchilar g’olib bo’ldi
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari va Jizzax akademik litseyi o’quvchilari o’rtasida “Zakovat” intellektual o’yini o’tkazildi. Jizzax shahridagi Versal tantanalar majmuasida o’tgan tadbir avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev so’zga chiqib, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan soha vakillarining intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’naviy tadbirlar to’g’risida atroflicha to’xtaldi. SHu bilan birga xodimlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, kitobxonlikni yanada ommalashtirishda bu kabi bellashuvlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
SHundan so’ng Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari, Jizzax shahar va Zomin tumani ichki ishlar boshqarmalari, barcha tumanlar ichki ishlar bo’limlari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari va Jizzax akademik litseyi o’quvchilari hamda soha faxriylaridan iborat 20 ta jamoa bellashishdi. Qatnashchilar nizom asosida ikki bosqichda jami 30 ta savolga javob berishdi.
Bellashuvlar davomida ichki ishlar organlari xodimlari o’z bilim va iqtidorlarini namoyish qilishga astoydil harakat qildilar. SHu ma’noda, intellektual o’yin qiziqarli kechdi.
Ta’kidlash joiz, ichki ishlar organlari xodimlarining intellektual va profekssional bilim darajasini, ma’naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borish, bilimli va salohiyatli xodimlarga iqtidorini namoyon etishlari uchun yetarlicha sharoit yaratish, ularni munosib rag’batlantirish, ilmni qadrlash, bilim olishga intilish kabi tushunchalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan. SHu ma’noda viloyat ichki ishlar boshqarmasining barcha tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalarida “Zakovat” intellektual o’yinlarida ishtirok etuvchi jamoalar faoliyati yo’lga qo’yilgan. Intellektual o’yinlarni o’tkazish jarayonida esa yoshlar, iqtisodchilar, xotin-qizlar, faxriylar kabi jamoalar tashkil etilishi qo’llab-quvvatlanib, viloyat bosqichi g’oliblari uchun qator imtiyoz va imkoniyatlar beriladi va munosib rag’batlantirib boriladi.
Qiziqarli kechgan mazkur zukkolar bellashuvi yakunida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasining “Sohibqiron” jamoasi g’olib deb topildi va boshqarma boshlig’i kubogini qo’lga kiritishdi. Tadbirda, shuningdek 2 va 3 o’rinni egallagan jamoalar hamda “Eng zukko guruh a’zosi”, “Eng faol zakovatchi” nominatsiyalari bo’yicha ishtirokchilar munosib taqdirlandi.