6 Oktyabr 2021 yil 443

Faoliyat tahlil etildi

Ikki kun davomida respublika Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi Jizzax viloyatida bo’lib, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo’l harakati xavfsizligi hamda probatsiya xizmatlarining faoliyatini atroflicha o’rgandi. Bu jarayonda asosiy e’tibor qonunbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyat samaradorligi hamda shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahakamlash masalalariga qaratildi.

Mazkur o’rganish natijalari respublika Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev rahbarligida ko’rib chiqildi. Vazir o’rinbosari dastlab Paxtakor tumani IIB yo’l harakati xavfsizligi bo’linmasi binosida bo’lib, xodimlarning ishlashlari va fuqarolarga xizmat ko’rsatish bo’yicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

SHundan so’ng Zafarobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3- sektor shtabida Arnasoy, Mirzacho’l, Paxtakor, Do’stlik, Zafarobod tumanlari ichki ishlar bo’limlari jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida yig’ilish tashkil etildi. Tadbirda so’z olgan respublika Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ichki ishlar organlari tizimidagi o’zgarishlar to’g’risida atroflicha to’xtaldi.

Jumladan, notiq tizim moddiy texnika bazasini kuchaytirish, soha vakillari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash hamda profilaktika inspektorlarini xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida avtulovlar bilan ta’minlash borasida qilingan ishlar hamda amalga oshirilishi ko’zda tutilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari har bir profilaktika inspektorining kunlik faoliyatini baholash tizimi joriy etilishi va shunga asosan xodim rag’batlantirilishi yoki unga nisbatan tegishli choralar ko’rilishi bayon qilindi.

So’ngra viloyatda o’tkazilgan o’rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar tanqid ostiga olinib, o’z vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo’l qo’ygan bir qator xodimlar qat’iy tartibda ogohlantirildi. SHuningdek, profilaktika inspektorlari faoliyati tumanlar kesimida hamda kriminogen vaziyatga ko’ra tahlil qilindi. Muhokama natijalariga ko’ra inspektor psixologlar xizmat samaradorligini oshirish, davlat idoralari, xususan, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi. 

Xizmatga mas’uliyat bilan yondashish, ta’magirlik, loqaydlik kabi illatlarga yo’l qo’ymaslik, ilg’or tajribalar hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanish, giyohvandlar, ichkilikbozlar, jinoyatga moyil shaxslar, farzand tarbiyasiga befarq ota-onalar bilan ishlash, vasiylar ixtiyoridagi bolalarni nazoratga olish yuzasidan ham tavsiyalar bildirildi. O’z navbatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida hamkasblariga alohida namuna bo’layotgan profilaktika inspektorlari faxriy yorliqlar, pul mukofotlari hamda sovg’alar bilan taqdirlandi.

SHu kuni Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev Jizzax shahrida ichki ishlar organlarining patrul’-post, yo’l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatlari xodimlari, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi hamda Milliy gvardiyachilar ishtirokida o’tkazilgan kechki yo’riqnomada qatnashdi.

Tadbirda vazir o’rinbosari jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim vazifalarga oid mulohazalarini bayon etdi. Xuddi shunday, huquq-tartibot idoralarining salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarga to’xtaldi.

Yo’riqnoma davomida o’z xizmatlarini sidqidildan o’tayotgan ichki ishlar organlarining patrul’-post hamda yo’l harakati xavfsizligi xizmatlari xodimlari hamda Milliy gvardiyachilar Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliqlari ham sovg’alari bilan taqdirlandi. SHundan so’ng yig’ilganlar tungi xizmatga chiqib ketishdi.

Ertasi kuni esa Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida Jizzax shahri, G’allaorol, Baxmal, Forish, SHarof Rashidov tumanlari ichki ishlar bo’limlari boshliqlari, ularning o’rinbosarlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida o’tgan tadbirda vazir o’rinbosari tomonidan jamoat xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo’l harakati xavfsizligi hamda probatsiya xizmatlari faoliyatida kuzatilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.

Yig’ilishda qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni fosh qilish borasida erishilayotgan natijalar ham e’tirof etildi. SHu ma’noda, hamkasblariga har jabhada ibrat bo’layotgan xodimlarga faxriy yorliqlar va pul mukofotlari topshirildi. Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqdi.

YAkunda Paxtakor tumani ichki ishlar bo’limi jamoat xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibi respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan “Nexia-3” avtoulovi kalitini qabul qilib olishdi. Ayni mazmundagi yig’ilish Zomin tumanida ham bo’lib o’tdi. Ushbu tadbirda Zomin, Zarbdor, YAngiobod tumanlari ichki ishlar bo’limlari boshliqlari, ularning o’rinbosarlari va profilaktika inspektorlari qatnashdilar. Viloyatda o’tkazilgan yig’ilishlar davomida 6 ta tuman ichki ishlar bo’limlari jamoat xavfsizligi xizmatlariga komp’yuter jamlanmalari topshirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech