16 Aprel 2022 yil 544

Faoliyat tanqidiy tahlil etildi

Mamlakatimiz Prezidenti topshirigʻi asosida respublika idoralararo ishchi guruhi huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, viloyat, shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyati hamda davlat dasturlarining ijrosini taʼminlash borasida Jizzax viloyatida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganib chiqdi. Bir hafta davom etgan oʻrganish natijalari Jizzax viloyati hokimligida muhokama etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV, Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi masʼullari hamda Jizzax viloyati, shahar va tumanlar hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, boshqarma va tashkilotlar, oliy oʻquv yurtlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan tadbir avvalida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev chiqish qildi. Notiq shahar va tumanlardagi sektorlar masʼullari tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, kriminogen vaziyatni yumshatish borasidagi kamchiliklarga toʻxtaldi. Shuningdek, yigʻilganlar eʼtibori huquqiy targʻibotni kuchaytirish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turganlarning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishlari choralarini koʻrish, investitsiya va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish bilan bogʻliq masalalarga qaratildi.

Tadbirda soʻz olgan Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda olib borilishi lozim boʻlgan ishlar, jamoat xavfsizligi, yoʻl harakati xavfsizligi, jinoyat muhokamalarini samarali tashkil etish, ichki ishlar organlarining boshqa sektorlar bilan hamkorligi, qonunbuzarliklarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan profilaktik ishlar olib borish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga barham berish, oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida noqonuniy ovga barham berishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tilga olindi. Oʻz navbatida xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan rahbarlar lavozimlaridan ozod qilindi, yana bir qancha masʼullarga intizomiy choralar koʻrilganligi bildirildi.

Tadbirda shahar va tumanlardan davlat idoralariga yoʻllanayotgan ariza va shikoyatlar sektorlar kesimida tahlil qilindi va aholi muammolarini oʻrganish hamda hal etishda nuqsonlarga yoʻl qoʻyayotganlar ogohlantirildi. Yigʻilishda ishchi guruh vakillari viloyat ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir qator tezkor tadbirlar oʻtkazganligi maʼlum qilindi. Natijada 42 ta jinoyat fosh qilingan, 1,1 kilogramm narkotik moddalar hamda noqonuniy saqlanayotgan 5 ta ov quroli, 54 ta sovuq qurol olingan. Yoʻllarda qoidabuzarliklar sodir etganlarga tegishli 693 ta avtoulov jarima maydoniga qoʻyilgan.

Yigʻilishda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev sektorlar faoliyat natijadorligini oshirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini mahalliy byudjet hisobidan qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda yashovchi aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha belgilanayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Yakunda respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni 3 oy muddatda toʻliq bartaraf etishga kelishib olindi.

Text to speech