31 Avgust 2025 yil 196

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘.T. Qodirovning Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Qadrli hamkasblar!


Ushbu qutlug‘ onlarda ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 34 yilligi bayrami bilan samimiy tabriklayotganimdan behad mamnunman.

So‘zim avvalida takidlashni istar edimki, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, iqtisodiyot va aholining turmush farovonligini yuksaltirish borasida e’tirof etgulik natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Zero bugun nishonlayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar inson qadrini yuksaltirishga qaratilganligi bilan beqiyos ahamiyatga ega. Binobarin, eng chekka hududlarda ham xavfsiz va har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitlari yaratilmoqda. Ayni maqsadda Yangi O‘zbekistonga mos inson manfaatlarini har nedan ustuvor qo‘yadigan xalqchil ichki ishlar organlari tizimini shakllantirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinyapti.

Buni xodimlar kundalik faoliyatida qo‘llayotgan raqamli texnologiyalarda, tizimda joriy etilayotgan ilm-fan yutuqlarida, soha vakillari uchun munosib xizmat sharoitlari yaratilayotganida, shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoyalashga qaratilgan ezgu tadbirlarda ko‘rishimiz mumkin. Tabiiyki, ana shu imkoniyatlarga mos ravishda mamlakatimizda, xususan, viloyatda jinoyatchilikni sezilarli darajada kamaytirishga erishyapmiz. Bu jihat xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topayotir.

Yana shuni unutmasligimiz kerakki, bugun butun dunyoda turli xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Ushbu vaziyat bizni doimo sergak bo‘lishga, eng katta boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrashga undaydi. 

Ishonmanki, har birimiz zimmamizdagi ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishning uddasidan chiqamiz, yurt osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsata olamiz. Hurmatli Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.


Aziz do‘stlar!

   Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Text to speech