31 Dekabr 2023 yil 4094

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i general-mayor G`. T. Qodirovning kirib kelayotgan Yangi – 2024 yil munosabati bilan soha xodimlari hamda faxriylariga yo`llagan bayram tabrigi

Hurmatli ichki ishlar organlari xodimlari, ofiserlar, serjantlar va safdorlar, qadrli faxriylar sizlarni Yangi - 2024 yil bilan chin dildan qutlayman.

Aziz do`stlar!

Prezidentimiz rahbarligida Yangi O`zbekistonimizda barcha jabhalar, xususan ichki ishlar organlari tizimida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni sohaga oid qonunlarni izchil takomillashtirish, tizim moddiy-texnik bazasini kuchaytirish hamda ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan tadbirlarda yaqqol ko`rishimiz mumkin.

Ushbu yangilanishlar yurtimizning tinchligi, bag`rikeng xalqimizning osoyishtaligi hamda huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Olib borilayotgan o`zgarishlarga mos ravishda ichki ishlar organlari xodimlarining intelektual, jangovar va jismoniy tayyorgarligini kuchaytirish, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash yuzasidan diqqatga molik tadbirlarga qo`l urilmoqda.

Shu o`rinda ta’kidlash kerak, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo`lsin”, degan fikri bugun sohada faoliyat olib borayotgan har bir qonun himoyachisining hayotiy shioriga aylangan. Ya’ni soha vakillari “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimiz” deya tunu kun jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga bor kuch va salohiyatlarini safarbar etmoqdalar.

Qolaversa, xizmatining mezoni adolat va el manfaatlari bo`lgan ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona mehnatlarini elimiz har qadamda his etadi va yuksak qadrlaydi. Shunday ekan hamisha ana shu ishonchga munosib qolishimiz shart.  

Qadrli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, sizlarni yurtimizga kirib kelgan 2024 yil bilan tabriklayman, barchangizga mustahkam sog`lik, xonadonlaringizga fayzu baraka, muqaddas burchingizni bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Mamlakatimiz obod, har bir kunimiz osoyishta bo`lsin.

Yangi yilingiz muborak bo`lsin!

 

G`ayrat QODIROV,

Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor.

Text to speech