2 Noyabr 2021 yil 709

Fidoyi podpolkovnik

Respublikamiz Prezidentining joriy yil 24 oktyabrdagi “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bir guruh xodimlarni mukofotlash to’g’risida”gi farmoniga asosan Zarbdor tumani ichki ishlar bo’limi boshlig’i, podpolkovnik Yoqubjon Akaboyev “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga sazovor bo’ldi. Ta’kidlash joiz, Yoqubjon Akaboyev jinoyatchilikka qarshi kurashishni o’z taqdiriga aylantira olgan soha fidoyilaridan biridir. 27 yillik xizmat faoliyatining  asosiy qismi jinoyat qidiruv sohasiga doxil bu insonning hayotiy shiori qat’iyat, shijoat, mas’uliyat va halollik, desak adashmaymiz. U mazkur fazilatlariga tayangan holda yuzlab jinoyatlarni fosh etishga erishgan.

Maqolamiz qahramoni sohaning achchiq-chuchuklarini obdon totgan, turli lavozimlarda ko’plab rahbarlar qo’l ostida faoliyat ko’rsatdi. Chiniqib, jinoyat qidiruvga oid mahoratini yuksaltiraverdi. Tajribasi oshdi, ishining ustasiga aylandi. Yillar undagi yetakchilik qobiliyatini ham yuzaga chiqardi. Natijada muhim vazifalar va lavozimlar unga ishonib topshirildi. Chunonchi, Baxmal, SHarof Rashidov, Arnasoy tumanlari ichki ishlar bo’limlariga samarali rahbarlik qilgan. Ayni vaqtda Zarbdor tumani ichki ishlar bo’limi boshlig’i.

Alohida e’tirof etish kerak, Yoqubjon Akaboyev sektor rahbari sifatida yuqori natijalarga erishmoqda. Xususan, joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko’ra, viloyatdagi 52 ta hudud orasida u boshchilik qilayotgan 3- sektor faoliyat samaradorligi bo’yicha 3- o’rinni egalladi. Chunonchi, bu davrda Zarbdor tumanining 3- sektorida yashovchi 409 nafar fuqaroga oziq-ovqat, naqd pul va boshqa ko’rinishda jami 382 million 916 ming so’mlik yordam ko’rsatilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning 215 nafariga yer ajratildi, 32 nafari kasb-hunarga o’qitildi, 54 nafari ish bilan ta’minlangan. 36 nafarining biznes tashabbusi qo’llab-quvvatlandi. Xullas, sanasa arzigulik ishlar ko’p.

Yoqubjon Akaboyev Arnasoy tumani markazida “Obod hudud” dasturi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorliklarga ham katta hissa qo’shgan. Bu kabi fidoyilikka yo’g’rilgan mahnat, tabiiyki rag’batsiz qolmaydi.

Binobarin, u “O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, Ichki ishlar vazirligining “A’lo xizmatlari uchun” ko’krak nishoni, esdalik qo’l soati, shuningdek viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi tomonidan 15 ga yaqin faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 2018 yilda esa sektorda erishgan natijalari uchun hokimlik tomonidan unga xizmat avtoulovi topshirildi.

Text to speech