Fidoyi muallima
Bilimli, tashkilotchi, mas’uliyatli, samimiy, kasbini jonidan ortiq ko’radi. O’zbekiston Respublikasi IIV Jizzax akademik litseyining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha o’rinbosari Gulnoza Pochoyevaga hamkasblari odatda shunday tarif berishadi. Ayolning ish faoliyati bilan yaqindan tanishsangiz ziyo tarqatish hayotining mazmuniga aylanganligini his etasiz. U dars berishdan ortib, o’rinbosarlik bilan bog’liq vazifalarini bekamu ko’st bajarishga intiladi, tadbirlar uyushtirib charchamaydi. Mazkur jihatlari muallimaning bolalar muhabbatini, jamoadoshlarining hurmatini qozonishiga sabab bo’ldi.
Gulnoza Pochoyeva bilimlari va o’qituvchilik mahoratini oshirishni muntazam jarayonga aylantirgan. CHunonchi, 2003 yilda Jizzax davlat pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakul’tetini, 2005 yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining magistratura bosqichini tamomladi. 2006-2009 yillarda Jizzax davlat pedagogika institutida aspiranturada o’qidi.
Ayni vaqtda “Fe’llarni mazmuniy maydon asosida o’rganish” mavzuida ilmiy izlanishlar olib borayotir. Bu yo’nalishdagi ijodiy ishlari respublika va xalqaro nashrlarda chop qilinmoqda. U mamlakat bo’yicha tashkil etilayotgan ilmiy anjumanlarning faol ishtirokchisi. SHu ma’noda, Gulnozaning ko’plab materiallari anjumanlar risolalaridan joy olmoqda.
24 yillik mehnat stajiga ega o’qituvchi viloyat va respublika miqyosida uyushtirilgan bir qator tanlovlarda g’olib chiqqan. Xususan, 2014 yilda YOshlar ittifoqi boshlang’ich tashkilotlari o’rtasida o’tkazilgan ko’rik-tanlovning respublika bosqichida diplom va sertifikat bilan taqdirlandi. O’sha yili “Yilning eng faol ma’naviyat targ’ibotchisi” ko’rik-tanlovining respublika bosqichida qatnashib, faxriy yorliq sohibi bo’ldi.
SHuningdek, litsey o’quvchilari turli ko’rik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishganligi uchun Gulnoza Pochoyeva tashkilotchi sifatida o’ndan oshiq faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan rag’batlantirilgan. Muallima yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qo’shayotgan hissasi uchun Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining 4 ta faxriy yorlig’iga sazovor bo’lgan.
— Gulnoza Pochoyeva ta’lim muassasamizning eng salohiyatli o’qituvchilaridan biri va bo’lg’usi ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash ishiga katta hissa qo’shmoqda, — deydi IIV Jizzax akademik litseyining direktori, podpolkovnik Kamoliddin Umarov. — So’nggi yillarda litseyimizning 2 nafar o’quvchisi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi bo’lgan. Bu yoshlarning muvaffaqiyatida ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Gulnoza Pochoyevaning katta hissasi bor. Fidoyi va tajribali hamkasbimiz yosh o’qituvchilardan yordamini ayamaydi.
8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan IIV Jizzax akademik litseyida tantanali tadbir uyushtirildi. SHu kuni ta’lim dargohining bir guruh muallimalari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliq va bayram sovg’alari bilan taqdirlandi. Ular orasida Gulnoza Pochoyeva ham bor.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.