19 Aprel 2022 yil 419

Forishda safarbar otryad xodimlari bellashmoqda

Forish tumanidagi harbiy tog’ poligonida Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri, viloyatlar IIBlari tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batal’on va otryadlari, IIV qorovul qo’shinlarining maxsus vazifalarni bajaruvchi tezkor otryadi hamda IIV jazoni ijro etish departamentining tezkor harakatlanuvchi otryadi terma jamoalari ishtirokida ko’pkurash o’tkazilmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hamda IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Sunnatali Abdukadirov so’zga chiqdi. Notiqlar mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarining intellektual jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida to’xtalib, ko’pkurash ishtirokchilariga omadlar tiladilar.

Bellashuvlarning birinchi kunida 18 ta terma jamoa “Minora” va “Taktik voqea” shartlari asosida kuch sinashishdi. Dastlab xodimlar 200 metr masofani bosib o’tib, mergan miltig’idan 100 va 300 metr uzoqliqdagi hamda to’pponchadan 7-10 metr olisdagi harakatli va harakatsiz nishonlarni urdilar. So’ng 4 qavatli bino tomidan arqonda tushib, to’siqlar osha ortga qaytdilar.

Ikkinchi shartda ishtirokchilar inshoot ichidagi jinoyatchilarni zararsizlantirib, garovdagilarni ozod qilishga qaratilgan topshiriqni bajarishdi. Keyingi kunlarda “Hujum”, “To’siqlar yo’lagidan o’tish”, “10 kilometr masofaga yugurish”, “Ofitserni qutqarish” shartlari bo’yicha bellashiladi. 18 aprelda boshlangan ko’pkurash musobaqasini 22 aprelda tugallash rejalashtirilgan.

Text to speech