Fuqarolar murojaatlari e’tiborda
Haftaning har shanba kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilmoqda. Navbatdagi tadbirda fuqarolar ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarda murojaatlar qilishdi. Xususan, ichki ishlar organlariga ishga kirish, hujjatni qalbakilashtirish, ish joyini o’zgartirish, ishga joylashish, aybdorlarga chora ko’rish, moddiy yordam, firibgarlik, uy-joy, oilaviy kelishmovchilik, qonunni buzgan shaxsni javobgarlikka tortish, yetkazilgan zarar va qarzni undirish, huquqiy yordam olish kabi 30 ga yaqin masalalar hal etilishida ko’mak so’raldi.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda aholi murojaatlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu o’z navbatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda to’siq bo’layotgan omillarni o’rganish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayapti. Mazkur qabul davomida ham viloyatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan hamyurtlarimizning muammolarini hal etish choralari ko’rildi. Bayon etilgan har bir masala boshqarma sohaviy xizmatlari mas’ullari ishtirokida ko’rib chiqilib, ijrosi vaqt talab etadigan muammolar nazoratga olindi.