“Gender tengligi bo`yicha hamkorlik” loyihasi doirasida seminar tashkil etildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huqubuzurliklar profilaktikasi boshqarmasi tizimidagi xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlar ishtirokida “O`zbekistonda fuqarolik jamiyati va davlat organlari o`rtasida gender tengligi bo`yicha hamkorlik” loyihasi doirasida seminar uyushtirildi.
Tadbir nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan nizoga va genderga sezgirlik, yondashuvlar, baholash va tahlil qilishda ahloqiy xulq-atvor me’yorlari, tahlillar uchun zarur insonlar va aktyorlarni xaritalash kabi mavzularda ma’lumot va bilimlar berildi.
Chunonchi, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlariga oilaviy nizolarni bartaraf etishda qanday yo`l tutish kerakligi tushuntirildi. Xususan, ishni huquqshunos yo psixolog sifatida tomonlar fikrini eshitishdan boshlash zarurligi, bu muammoning omillarini aniqlashga xizmat qilishi bildirildi.
O`z navbatida, oilaviy kelishmovchiliklarga xarakterdagi farqlar, zo`ravonlik, bir-birlarini noto`g`ri tushunish, turmush o`rtog`ining xiyonati, farzandsizlik, mehnat migrasiyasi sabab bo`lishi bayon qilindi.
Masalaga echim sifatida aholining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni himoya qilish tizimlarini kuchaytirish, jamiyatda ayol va erkak huquqlari tengligini ta’minlash, ayollarni kasbga o`rgatish, ajralgan ayollar va ularning bolalari uchun boshpanalar faoliyatini yo`lga qo`yish, malakali psixolog va huquqshunoslar ko`magini ko`rsatish zarurligi uqtirildi.
Ma’lumot o`rnida aytish kerak, joriy yilning o`tgan davrida viloyat ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markaziga 109 ayol va ularning 94 nafar voyaga etmagan farzandlari qabul qilingan. Markazga joylashtirilganlarning 62 nafari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan. Seminar yakunida qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.